1

ISLOVOTXONAGA AYLANTIRILGAN MEHMONXONA

Jinoyat 10.01.2018, 23:27
ISLOVOTXONAGA AYLANTIRILGAN MEHMONXONA

Asqar (ism-shariflar o`zgartirilgan) poytaxtdagi mehmonxonalardan birida ma`mur lavozimida ishlardi. Mehmonxona ma`muri degan lavozimda shuncha pul ishlab topish mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi. “Qalovini topsang qor ham yonadi”, deganlariday, lavozimidan foydalanib, anchagina pul ishladi. Ammo harom yo`l bilan topilgan pullar kimga buyuribdi deysiz?

Odatdagi kunlarning birida Asqar ishga otlandi. Ish joyiga etib kelgach, navbatchilikni qabul qildi. Birin-ketin mehmonxonaga kelgan mehmonlarni hujjatlarini ko`rib, qabul qila boshladi. Ko`zi olma-kesak terib turgan bir erkak e`tiborini tortdi. Uning nima maqsadda tashrif buyurganini tajribali xodim sifatida tushunib, miyig`ida jilmayib qo`ydi.

– Keling, aka, xizmat? – deb so`radi u navbati etib kelgan erkakdan.

– Mehmonxonalaringni ta`rifini eshitib, bir dam olib ketay, deb kelgandim, – dedi erkak ma`noli qilib.

– Manzilni to`g`ri topib kelibsiz, faqat...

– Tushunarli, qancha bo`ladi?

– Tushungan odamni sadag`asi ketsang arziydi. Pulini to`lab qo`ysangiz hamma sharoitni muhayyo qilaman... Qizlar ham bor, – dedi Anvar.

U erkak bilan savdolashib, 90.000 so`m evaziga xonalardan birining eshigini ochib, yo`lak boshida turgan ayollarga ishora qildi:

– Qizlarni o`zingiz rozi qilasiz.

Anvar osongina pul topishning hadisini olgandan keyin mehmonxonaga tashrif buyuradigan erkaklarni “Mehmonxonaga kelgan fuqarolarni qayd etish kitobi”ga qayd qilmasdan, xizmati evaziga ulardan 90.000 so`mdan to 120.000 so`mgacha pul olib, fohishalar bilan jinsiy aloqada bo`lish uchun sharoit berishni o`ziga kasb qilib oldi. U suvday oqib kelayotgan tekin pullarni ko`rgach, ularning miqdorini yanada oshirish maqsadida mehmonxona oldida turib, taksichilik qiladigan haydovchilardan biri Nurali bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydi.

– Nurali, ba`zida mehmonxonaga kelgan erkaklarga qizlar etishmay qolyapti, shunga kerakli paytlarda ularni topib kelsangiz ancha yordam qilgan bo`lardingiz. Pulidan tashvish tortmang, rozi qilaman, – dedi Anvar.

“Lo`lining eshagini sug`orib, pulini ol” maqolini o`ziga shior qilib olgan Nuraliga bu gap moyday yoqdi. “Qaysi yo`l bilan bo`lsa ham pul topsam bo`ldi-da!” deb o`yladi. Shundan keyin u mehmonxonaga kelgan erkaklarning iltimosiga ko`ra, fohisha ayollar doimiy ravishda to`planib turadigan joylardan “engil tabiatli ayollarni mehmonxonaga tashish xizmati” ni yo`lga qo`ydi.

Anvarning ishi gurkirab rivojlanib ketdi, cho`ntagini qappaytirayotgan so`mlar kamday ko`rinib, ularni dollarga aylantirish g`oyasi tug`ildi. U shunday xayolda yurgan kunlarining birida “karaoke ko`ngil ochar maskanlar”idan birining rahbari bilan tanishib qoldi. Rahbarning ismi Odiljon bo`lib, Anvar bilan tanishganidan boshi ko`kka etdi. Suhbat jarayonida ularning hamfikr, hammaslak odam ekanliklari ma`lum bo`ldi. Odiljon Anvarga o`zi rahbarlik qilayotgan maskan kechki soat 18.00 dan tunggi 03.00ga qadar ishlashini, u erga asosan chet ellik — xitoylik va koreyalik erkaklar tashrif buyurishini, ularning mehmonxonada qizlar bilan dam olishlariga sharoit yaratib bersa, Anvarga dollar hisobida pul to`lashini bildirdi. Odiljonning bu gapidan Anvar qarmog`iga oltin baliq ilingan odamday xursand bo`lib ketdi.

Shundan keyin Odiljon “karaoke ko`ngil ochar maskani”ga shahvoniy maqsadlarda foydalanish, ayollarni “ofisiant” niqobida ostida yollash, ularni ekspluatasiya qilish uchun koreys millatiga mansub Marinani ish-yurituvchi menejer qilib ishga oldi. “Ko`ngil ochar maskan” mijozlarini mehmonxonaga tashish uchun taksi xizmati ham yo`lga qo`yilib, haydovchilar ham tayinlandi. Shu tariqa uyushgan jinoiy guruhga asos solindi. Anvar har bir mehmonga ajratilgan xona uchun 50 dollardan, taksichilar esa 10 dollardan xizmat haqi oladigan bo`ldi.

“Ko`za kunda emas, kunida sinadi”, deganlariday, Anvarning ustidan tegishli idoralarga qilingan shikoyatdan keyin u navbatchilik qilayotgan bir kechaning o`zida 16 nafar erkak va 16 nafar ayolga, ularni “Mehmonxonaga kelgan fuqarolarni qabul qilish” kitobiga qayd etmasdan, noqonuniy ravishda xonalar ajratgani ma`lum bo`ldi. Uning seyfidan tegishli tartibda mehmonxona g`aznasiga kirim qilinmagan 3.523.000 so`m va 500 dollar daliliy ashyo sifatida olindi. Anvar N. Odiljon A. va uyushgan guruhning barcha a`zolari O`z.JKning 131-135 moddalariga asosan tegishli jazolarni olishdi.

Lola ShOIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1