O`zbekiston MXX va Bosh Prokuratura huzuridagi Departament tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida eskirgan, o`lgan qoramol go`shtini sotish bilan shug`ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Ular 10 yil davomida Qashqadaryodan olib kelingan yaroqsiz go`sht mahsulotlarini Toshkent bozorlaridagi savdo rastalariga, shuningdek, go`sht–kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga etkazib bergan. Bu haqda "O`zbekiston" telekanalida maxsus lavha efirga uzatildi.
Aniqlanishicha, Bahrom Haydarov boshchiligidagi guruh Qashqadaryo viloyatidagi zararlangan go`shtning kilosini 10-15 ming so`mdan sotib olib, ishlov berilgandan so`ng 25-30 ming so`mdan sotgan. Xususan, Toshkentning bir nechta savdo markazlari, Eski juva bozori, Asl ta`m sifati korxonasi, xususiy tadbirkor Mo`minov Husan Xursanovich somsaxonasiga, Fayziev, Qosimov, Chorshanbiev Odil deb nomlanuvchi go`sht rastalarida sotilgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.