1

Kelinning “zo`ri” — qaynonaning sho`ri

Jinoyat 16.01.2018, 10:43
Kelinning “zo`ri” — qaynonaning sho`ri

“Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar ota-onalari haqida g`amxo`rlik qilishga majburdirlar”.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 66-moddasi.

Keksalari bor uyning fayzi ham o`zgacha bo`ladi. Ular xonadondagi xotirjamlik, ahillikning bosh sababchisi sanaladi. Hayotiy tajribaga ega, adolat bilan ish ko`ruvchi, to`g`ri maslahat beruvchi yoshi ulug` insonlar tufayli oilada totuvlik hukm suradi. Yildan yilga yoshimiz ulg`aysa-da, ular uchun hamisha bola bo`lib qolaveramiz. Goho tanbeh berishsa, dilimizga og`ir botadi. Maslahatlarini quloqqa olmagan paytlarimiz ham bo`ladi. Yil sayin ko`zidan nuri, belidan quvvati ketayotganligini bilib ham ba`zida ularga g`amxo`rlik qilishni unutamiz. Ular bizdan bir og`iz shirin so`z va mehr kutishini bilsak-da, bilmaslikka olamiz. O`z ishimiz, tashvishimiz bilan ovora bo`lamiz. Aslida esa...

KELIN YaXShI ChIQSA XO`P-XO`P, YoMON ChIQSA...

Yuqorida bejizga qonunchili-gimizdan iqtibos keltirmadik. Sababi, qonunda belgilangan javobgarlikni bajarishda hamma farzandlar ham bu mas`uliyatni birdek zimmasiga olishmagan. Afsuski, bunga hayotiy misollar ham bir talay. Bog`ot tumanida shu yilning iyun oyida ro`y bergan voqea ham oldi olinmagan nizoning ayanchli oqibati bo`ldi.

2001 yil avgust oyida Shukurjon Normetova xonadoniga kelin bo`lib kelgan Anbarjon Madrimova o`z kelinlik vazifasi, burchi nimalardan iborat ekanligini unutgandi. Yoshi bir joyga borgan keksa qaynota va qaynonasiga xizmat qilish o`rniga ko`p o`tmay ularni haqoratlaydigan odat chiqardi. Kezi kelganida do`pposlaydigan bo`ldi. Qaynota ko`p vaqt o`tmay vafot etdi. Yolg`izlanib qolgan qaynona esa keliniga bir og`iz gap aytishga cho`chirdi. Kelin esa turmush o`rtog`ining chet davlatga ishlashga ketganligidan foydalanib, qaynonani haqoratlar, ovqat bermasdan och qo`yish yo`llarini izlardi. Shu tarzda yillar mobaynida janjal va kaltaklar azobini ko`tarishga majbur bo`lgan Shukurjon Normetova o`g`li va nevaralarini yaxshi ko`rganligi uchungina bu azob­larga dosh berishga urinardi. Borgan sari munosabatlar sovuqlashib, qaynona-kelin o`rtasidagi janjallar soni ham ortib borardi. Kelin esa urush-janjallardan keyin qaynonasini ko`chaga chiqarib yuborib, eshikni qulflab olardi. Ovqatni vaqtida berish, keksa ayolni hurmat qilish kerak, degan tushunchalar unga yot edi.

KALTAKLAR OSTIDA QOLGAN 80 YoShLI KAMPIR

Ana shunday janjal-g`urbatli kunlar bu oila uchun oddiy holga aylanib qolgandi. Mushtipar qaynona qo`rquv va andishadan ovozini chiqarmaslikka harakat qilsa, zo`ravon kelin bu yon berishlardan unumli foydalanib, borgan sari tazyiqu xo`rlashlarini oshiraverdi. Do`q-po`pisalar, tinimsiz kaltaklarga 80 yoshdan oshgan ayolning dosh berishi qiyin edi. 26 iyun kuni peshin mahali ham doimiy janjalning biri, to`g`rirog`i, oxirgisi bo`ldi. Soat 16:00 lar chamasida Anbar Mad­rimova navbatdagi bahonalar bilan qaynonasi Shukurjon Normetovaga dastlab haqoratli so`zlar ayta boshladi va vaziyat shu darajaga borib etdiki, g`azab otiga mingan kelin qaynonasining nochor ahvolda ekanligini bila turib, uning turli joylariga qo`llari bilan ura boshladi. Bunga ham qanoat qilmay, endi oyoqlari bilan ham kampirning duch kelgan eriga tepa boshladi. Shu tariqa qaynona-kelin o`rtasida kelib chiqqan navbatdagi janjalning oqibati ayanchli tugadi... Anbar Madrimova qotilga aylandi. Kaltaklar zarbiga chiday olmagan ayol ko`p o`tmay jon berdi.

JAZO MUQARRAR: XULOSA ChIªARIShGA ETGULIK MUDDAT

Har qanday noqonuniy xatti-harakat uchun qonun doirasida javobgarlik bor. Jinoyat jazosiz qolmaydi. Fuqaro Madrimova tomonidan sodir etilgan jinoyat ham javobsiz qolmadi. Uning jinoiy qilmishi jinoyat ishlari bo`yicha Bog`ot tuman sudida ko`rib chiqilib, unga nisbatan 6 yil 8 oy muddatga tegishli tartibda jazo tayinlandi.

Insonning boshqa mavjudotlardan farqli tomoni — u aql-idrokka ega, fikrlay oladi. Ong orqali o`z yurish-turishini nazorat qiladi. Qilgan xatosini tushunib etib, kerakli xulosani ham chiqara oladi. Ammo ayrimlar buni ancha kech anglab etadi. Anbar Madrimovaning bu xatosi ham o`zi uchun qimmatga tushdi. U hayotining ma`lum qismini panjara ortida o`tkazsa-da, qilmishining dog`ini ketkazishi oson kechmaydi.

Erpo`lat Berdiev,

jinoyat ishlari bo`yicha

Bog`ot tuman sudi raisi,

Nargiza Bo`ronova, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1