1

Ustyurtdagi inshootlarni o`zga sayyoraliklar barpo etgan...mi?

Moziydan sado 16.01.2018, 16:09
Ustyurtdagi inshootlarni o`zga sayyoraliklar barpo etgan...mi?

Ilm-fanda «nayzasimon inshoot» termini bilan mashhur bo`lgan Ustyurtdagi katta hajmdagi sirli inshootlar, ya`ni ajoyib ko`rinishdagi qazilma joylar bugungi kungacha olimlarning turli fikr-mulohazalariga sabab bo`lmoqda. Ya`ni, mazkur qazilmalar nima maqsadda foydalanilgan, qachon qazilgan, juda katta hajmdagi bu ob`ektlarni qanday qazishgan va hokazo...

Bu inshootlar fanda ov qilish maqsadida foydalanilgan inshoot sifatida qabul qilingan bo`lsa ham, ba`zi olimlar buni suv to`playdigan maxsus joy bo`lgan, degan fikrni bildiradi.

Sirli inshootlar qanday aniqlangan?

Ob`ektlar dastlab 1952 yil taniqli olim Sergey Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik-etnografik ekspedisiyasi tomonidan aniqlangan. Ustyurt chinklari chetlarida ko`plab uchraydigan, tosh plitalardan yig`ilib, chuqur doira (xalqa) qilib yasalgan, alohida o`ziga mos mazkur inshootlarni S.Tolstov suv yig`ish uchun emas, balki ov qilish maqsadida qurilgan, degan ilmiy taxminni ilgari surgan va shu fikr doirasida taniqli arxeolog-olim Vadim Yagodin maxsus ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Natijada, uzunligi 600-900 metr, eni 400-600 metr, chuqurligi 3 metrgacha qozilgan Ustyurtdagi bu sirli ob`ektlarning sayg`oq, qulon, arxar, jayron kabi minglab to`da-to`da bo`lib yuradigan yovvoyi tuyoqli hayvonlarni ommaviy tutish uchun qurilgan inshoot – aran ekanligi tasdiqlandi.

Qo`ng`irot hududining madaniy esdaliklarini tadqiqot qilgan etnograf-olim Xojahmad Esberganov esa «bu esdaliklar qadimda ko`chmanchilarning suv to`plash uchun qurgan qurilishi bo`lishi ehtimol» degan fikrni bildiradi. Tadqiqotchining fikricha, ichimlik suvi taxchil bo`lgan Ustyurt ustida yomg`ir va qor suvlarini yig`ish uchun ko`chmanchi qabilalar shunday qazilmalarni ishlashga majbur bo`lgan.

O`tgan asrning 70-80 yillarida nayzasimon ob`ektlarning aniqlanishi dunyo miqyosida ko`plab olimlar va ommaviy axborot vositalari e`tiborini jalb qildi. Obrazga berilgan ba`zi jurnalistlar va boshqa tadqiqotchilar bu nayzasimon inshootlarni «o`zga sayyoraliklar tomonidan qurilgan» degan fantastik taxminlarni aytgan.

0_7_192-min.JPG

O`tgan asrning 70-yillaridan boshlab O`zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi Tarix, til va adabiyot instituti tomonidan Ustyurt kengliklaridagi arxeologik ob`ektlarga maxsus tadqiqot ishlari olib borish boshlandi.

Shu tadqiqotlar buyicha olib borilgan kameral ishlar paytida Ustyurtning Sharqiy chinkida, Duvona buruni (Duvona buruni Mo`ynoq tumani hududida, Nukus shaxriga deyarli 500 kilometr masofadagi Orol dengizining g`arb sohilida joylashgan)dan 7 kilometr shimolda olingan aerofotos`yomkalardan bir necha o`nlab kilometrga cho`zilib ketgan nayzasimon ob`ektlarning katta qismi borligi aniqlanadi.

Bunday kam uchraydigan esdalik avval xech bir arxeologik amaliyotda qayd qilinmagan.

Mazkur inshoot odatda oddiy ko`zga yoki avtomobilda o`tib borayotgan yo`lovchiga sezilmaydi. Sababi, katta hajmdagi ob`ektni odambo`yi balandlikdan ko`rish imkoni yo`q va siz oyog`ingiz tagida tarixi minglab yillarga taqaladigan ajoyib meros yotganini bilmay ustidan yuz marta o`tib ketishingiz mumkin.

Ayni paytda Ustyurtdagi bu esdaliklarni Internet tarmog`idagi Google Earth dasturi yordamida xohlagan kishi bemalol ko`ra oladi.

Sirli inshootlarning soni nechta?

O`tgan asrlarning 70-90 yillarida arxeolog V.Yagodin rahbarligida olib borilgan keng ko`lamli arxeologik tadqiqotlar natijasi buyicha bunday nayzasimon qazilmalar guruhi Ustyurtning hamma joyida emas, balki ma`lum bir hududlarida uchrashi aniqlandi. V.Yagodin mazkur inshootlarni quyidagicha hududiy guruhlarga ajratadi:

1. G`arbiy Ustyurt guruhi (Duvona-1 va Duvona-2 kichik guruhlariga bo`linadi);

2. Aybuyir-Sariqamish guruhi (Bul guruh Aybuyir va Berniyoz-3, Qazg`on va Sariqamish kichik guruhlariga bo`linadi):

3. Jorinquduq guruhi;

4. Kendirlisor guruhi;

5. Beyneu guruhi.

Screenshot_2.jpg

Butun jahon buyicha shunday tarixiy sirli manzaralarni tadqiqot qilishga ixtisoslashgan avstraliyalik olim Alison Betts, qoraqalpog`istonlik arxeolog-olimlar Shamil Amirov va Vadim Yagodinlarning «Paleorient» ilmiy nashrida yoritilgan maqolasida O`zbekiston va Qozog`iston hududidagi Ustyurt kengligida shunday ob`ektlarning 17 guruhga bo`lingan 126 tasi mavjudligi ta`kidlanadi.

Nayzasimon inshootlarning Turkmaniston hududida ham mavjudligini ilmiy manbalar dalillaydi.

Shunday ekan, Ustyurtdagi sirli suratlarning aniq soni qancha ekanligini aytish qiyin. Sababi, biz 2017 yilning sentyabr oyida Qoraqalpog`iston axborot agentligining tashabbusi bilan tashkil qilgan mediatur oldidan Orolga turistlarni olib-borish bilan shug`ullanadigan tadbirkor Tazabay Uteuliev bilan birga Google Earth dasturi yordamida koordinasiyalarni belgilash paytida Duvona buruniga 20 kilometr janubda, 21-sonli radioreleyli stansiyaning g`arbiy-sharqidagi chinkga qarab cho`zilgan, avval ilm-fanga no`malum yana 3 ta ob`ektning mavjud ekanligini aniqlashga muyassar bo`lgandik. Ahamiyatli tomoni shuki, mazkur topilgan ob`ektlar oldin hech bir ilmiy tadqiqotlarda e`tiborga olinmagan va bu nayzasimon inshootlar hajmi jihatdan boshqa ob`ektlarga nisbatan ancha kichik.

Olimlar va shaxsiy qiziquvchilar Internet tarmog`idagi shunday dasturlar yordamida yoki maxsus havo transporti va moslamalar (dron) yordamida fanga noma`lum yana boshqalarini topishi ham ehtimoldan yiroq emas.

Nayzasimon inshootlarning yoshi nechada?

V.Yagodin nayzasimon qurilmalarning qurilishi va foydalanish davrini quyidagi davrlarga bo`ladi:

Screenshot_3.jpg

1. Miloddan avvalgi I ming yillikning ikkinchi yarimi (mil. avv. V-II asrlar) – tekislikda dafn qilish madaniyati davri. Bu davrga tegishli esdaliklar Kaspiy atrofi, Uzboy, Ustyurtning barcha hududi va Manqishloq o`lkasi bo`ylab tarqalgan. Shu madaniyat Ustyurt va unga yaqin hududlar bo`ylab mol chorvachiligi bilan shug`ullanadigan ko`chmanchi qabilalarga tegishlidir. Ko`chmanchilar bu erlarni yaylov va qishlov sifatida foydalangan. Bu davr, yunon tarixchisi Strabonning ta`biri bilan aytganda, buyuk tekislik egalari bo`lgan massagetlar davri hisoblanadi.

2) Milodiy III-IV asri – Sarmat-Alan davri.

Duvona burunidagi nayzasimon inshootlarning yoshi yuqoridagi o`sha ikki davrga to`g`ri keladi.

3) VII davr boshlari IX davr – Jetiasar-Kerder davri. Bu davrga tegishli esdaliklar Ustyurtda keng tarqalgan.

4) IX-XI davrlar - O`g`uzlar davri.

5) XII-XVI davrlar – Turkman-Qipchoq davri.

IX-XI va XII-XIV asrlardagi davrga asosan Aybuyir-Sariqamish, Kendirlisor guruhidagi esdaliklar kiradi.

Bu inshootlardan nima maqsadda foydalanilgan?

Ustyurtdagi nayzasimon inshootlarning nima maqsadda foydalanilganligi bo`yicha aniq ma`lumotlarni tarixiy yozma manbalardangina bilib olish mumkin. Sababi, bu inshootlardan foydalanib ov qilgan ovchilarning o`zi XX asrda qolmagan edi.

N_091.jpg

V.Yagodin ham ilmiy tadqiqot ishlarida asosan 1825-1826 yillarda Orol-Kaspiy oralig`idagi qirg`iz (qozoq-qoraqalpoq-E.Q.) erlariga uyushtirilgan F.F.Berg boshchiligidagi Rus ilmiy ekspedisiyasi materiallariga asoslanadi.

Ushbu ekspedisiya tarkibi a`zolari V.D.Volxovskiy va A.O.Dyugamel tomonidan tuzilgan topografik jurnalda shunday qiziqarli faktlar keltirilgan: «Bu joyda (Ustyurtda – E.Q.) ajoyib yovvoyi hayvonlardan qulonlar, tarpanlar (yovvoyi otlar) va sayg`oqlar bor. Sayg`oqlarni tosh bilan qurshalgan qo`raga haydab kirgizib, u erda teran qilib qazilgan chuqurga tushirib ushlaydi».

Mazkur ekspedisiya tarkibida bo`lgan olim Eduard Eversman biroz qiziqarli va muhim ma`lumotlarni yozib qoldiradi: «Antilopalar bilan sayg`oqlarni tutish uchun Ustyurtda qirg`izlarning (qozoq va qoraqalpoqlarning – E.Q.) tosh devor bilan qurshalgan, uzunligi 300-400 odim, mahalliy holat bo`yicha kengroq yoki torroq, balandligi 3-4 fut, kichkina tuynuk mavjud; uning yonida sakrab chiqib keta olmaydigan tosh bilan qurshalgan teran chuqur bor. Ovga chiqqan qirg`iz (qozoq yoki qoraqalpoq – E.Q.) atrofdagi 10-15 chaqirim joyga ketadi va maralning ovoziga uxshatib sas chiqarib, hamma sayg`oqlarni ertib olib keladi. Shu tariqa u sayg`oqlarni tuynukdan katta qo`raga kirgizadi, so`ng boshqa chuqurga o`tib ovoz berishni davom etadi; harakat boshlangandan buyon indamay yashirinib yotgan boshqa qirg`iz (qozoq-qoraqalpoq – E.Q.) esa tuynukdan kiradi va baland ovozda hayqiradi. Hurkak hayvonlar kutilmagan sasdan birdan qo`rqib ketib, qutilish anjomida chuqurga sakraydi va shu joyda tutiladi».

Tarixiy ma`lumotlardan ma`lum, mazkur ekspedisiya aynan Duvona buruniga kelgan. Shu yilda qishning qattiq kelishi ekspedisiyaning izga qaytishiga majbur qilgan. Ustyurtning izg`irin, qahrli sovug`ida ekspedisiyaning ko`p a`zolari 1500 ot-tuyasi bilan qirilib qoladi.

Demak, nayzasimon inshootlar Ustyurtda istiqomat qiluvchi xalqlar tomonidan XΙX asrgacha qo`llanib kelingan.

V.Yagodin o`zining «Strelovidnaya planirovka Ustyurta» (Tashkent: 1991) ilmiy asarida Ustyurtda yashovchi ayrim eskining ko`zini ko`rgan qariyalar ota-bobolarining shunday usul bilan ov qilganligi haqida eslaganini yozadi. Informatorlarning ta`kidlashicha, bu inshoot nomi «aran» ekan. Aranning dumaloq chuquri burchaklariga uchli qilib kesilgan qamish qotirilgan. Aranning atrofida bir necha maxsus chuqurlar bo`lgan. Bu chuqurlarda ovchilar yashiringan. Ovga 30-40 otliq ovchilar qatnashgan. Hayvonlar aranning ichiga aldanib kirib qoladi va shu erda ushlanadi. Ov qilish kuz mavsumida o`tkazilgan.

Olimning fikricha, «Aran» so`zi qoraqalpoqlarning Keneges arisidagi aranchi urug`i bilan bog`liq. Aranchi Kenegeslar o`z davrida ovchi qabila bo`lib, ya`ni aran qurish orqali ov qilgan bo`lishi mumkin.

Berdaqning «Shejire» asarida esa:

Cho`llarda kezar jayrani,

Jayranga qurgan arani,

degan satrlar aranning ov qilish inshooti ekanligini yanada tasdiqlaydi. Shuningdek, qoraqalpoq dostonlarida «Og`zini arandek ochadi», «Og`zi arandek ochilgan» kabi qiyoslashlar ham uchrashadi.

Aran – eski turkiy so`z bo`lib, Maxmud Qashg`ariyning «Devoni lug`at-it turk» asarida ham bor, ya`ni, mol qo`ra, ot qo`ra ma`nosini anglatadi.

XVΙΙΙ asrning belgili tarixchisi Abulg`azi Bahodir xon «Turkmanlar shajarasi» asarida turkmanning qora-o`yli va ersari qabilalari o`rtasidagi kelishuv haqida qiziqarli ma`lumotlarni keltiradi: «Shu payt qora-o`yli gado bo`ldi. Shu sababga ko`ra ularning hammasi Xalilning boshchiligida ersari qabilasining atoqli odamlariga bordi va shunday dedi: «Biz sizlarning xizmatchilaringiz bo`ldik. Biz nihoyatda och bo`ldik va ozib-to`zdik. Bizning iltimosimiz quyidagicha: Agar siz bizga qush va Katta Balxandan va Kichik Balxandan ekin o`stirish uchun yaroqli suv bersangiz, sizga har yili xohlagan narsangizni beramiz…» Ersarining eng yaxshi odamlari yig`ilib, javob berdi: «Bizning bobomiz Ersari biy sotib olgan Katta Balxanda 6 ta oqar suv ko`zi bor, lochinning 10 ta uyasi, qarchig`ayning 18 ta uyasi bor, Kichik Balxanda esa — lochinning 4 ta, qarchig`ayning 6ta uyasi bor. Shu suv ko`zidan foydalanib qancha don olsangiz ham, yarmini bizga berasiz. Yana aran qurish uchun ikki ming qamish berasiz».

Aranni ko`chmanchi xalqlarning ov qilish uchun qurganligini ushbu manbalar yanada tasdiqlaydi.

Tarix sirlari sayyohlik rivoji uchun xizmat qilsin

strela.jpg

Ustyurt uzoq asrlar davomida sak-massagetlar, sarmatlar va mo`g`ullarning, hattoki ulardan ham qadimiy xalqlarning tamaddunlari tutashgan makon sanaladi. Necha asrlar bo`yi bepoyon kengliklardan buyuk karvonlar o`tgan. Ustyurtdagi eski karvon yo`llari Sharq bilan G`arbni tutashtiruvchi tranzit xizmatini bajargan. Platodan o`tgan karvonlar Xorazmdan Quyi Volgabo`yi va Janubiy-g`arbiy Evropa davlatlariga hamda u tomonlardan bermon tovarlar tashigan. Shunday qilib madaniy, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlangan.

Aranlarda minglab ushlangan tuyoqli yovvoyi hayvonlarning go`shti, terisi, shoxlari tovar almashish vazifasini o`tab, Buyuk Ustyurt ustidan o`tgan ushbu savdo yo`llari orqali Xiva, Buxoro, Samarqandga, hattoki Xitoygacha jo`natilib turgan.

2017 yilning sentyabr oyida Duvona buruniga uyushtirilgan mediaturning asosiy maqsadi – ushbu aranlarni dron uskunasi yordamida tasvirga olib, turizmni rivojlantirish maqsadida keng ommaga targ`ib qilish edi.

Ustyurtda bu kabi ajablanarli esdaliklar borligini bugungi kunda birov bilsa, birov bilmaydi. O`tgan asrning 80 yillarida ommaviy axborot vositalarida bu haqida keng yoritilgan bo`lsa ham, endi uni hozirgi yangi avlod vakillariga tanishtirish zarur. Ko`pchilik hollarda shunga uxshash ajoyib ilmiy yangiliklar faqat olimlarning ilmiy asarlaridagina qolib ketmoqda. Undan faqat cheklangan tor doiradagi odamlargina boxabar bo`ladi, tamom vassalom. Afsuski, bunday ilmiy yangiliklar ilmiy-ommabop tilda talabga monand tashviq qilinmayabti…

Darhaqiqat, Perudagi Naska suratlariga o`xshash, 2500 yillik tarixga ega bu kabi sirli inshootlar kimni bo`lsa ham cheksiz ta`sirlarga ko`mib tashlashi aniq.

Yaqinda O`zFA Qoraqalpog`iston bo`limi xodimi, olim Yusup Kamalov deltaplan yordamida ushu nayzasimon ob`ektlarga sayohat etishni taklif qilgandi. Qo`llab-quvvatlashga turarlik tashabbus. Orol akvatoriyasi, Ustyurt platosi g`oyat ajablanarli manzaralarga to`la. Minglab yillar davomida ota-bobolarimiz, qadimiy ko`chmanchilar qoldirgan iz bilan sayohat qilish esa undan ham zavqlidir.

Platoning deyarli barcha joylarida qadimiy maqbara va qabristonlarni uchratish mumkin. Xususan, Ustyurt chinklarini yoqalab yurgan yo`lovchi har bir qadamda tepalikka qo`yilgan ko`chmanchilar qabristonlariga duch keladi. Ularda marhumlarga qo`yilgan qulfitoshlar, toshga bitilgan tamg`alar hanuzgacha yaxshi saqlangan.

Bu hududni tarixiy qo`riqxona deyish ham mumkin. Ustyurtning eng e`tiborli joylari – uning arxeologik meroslari. Ustyurtda hozirgi kunda ham Puljay, Beleuli, Alan, Davkesken va shu kabi qadimiy va o`rta asrlarga tegishli karvon saraylar, qal`a-qo`rg`onlar saqlanib qolgan. Insoniyat oyog`i etishi ancha mushkul bo`lgani bois, bu esdaliklarning aksariyati hanuzgacha to`laligicha tadqiq qilinmagan.

Betakror esdaliklari bilan tarix sirlarini ichiga saqlayotgan Duvona buruni esa sayyohlarni kutmoqda.

Tan olish kerak, Duvona buruniga bir borgan kishi Mars sayyorasiga tushib qolgandek his qiladi o`zini. Demak, Ustyurtdagi nayzasimon bu inshootlar sayyohlikni rivojlantirish sohasida echimini kutayotgan ahamiyatli masalalardan sanaladi.

Yuqorida qayd etgan Perudagi Naska suratlari YuNESKOning madaniy meroslari ro`yxatiga kiritilgan va bu esdaliklarni tomosha qilish uchun har yili ming-minglab turistlar oqiladi. Ustyurt aranlarining bu esdalik-suratlardan hech kam joyi yo`q. Biz ham mazkur yo`nalishdagi ishlarni jadallashtirsak nur ustiga a`lo nur bo`lardi.

Esimqan Qanaatov,

Qoraqalpog`iston axborot agentligi direktori

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1