O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev o`z xonadonida taniqli san`atkorlar, san`at va madaniyat vakillari ishtirokida kechgan marosimda kichik o`g`li, yosh xonanda Zohirshoh Jo`raevga ustoz sifatida duo berdi.
Tadbirda Sherali Jo`raev so`zga chiqib, o`g`liga duo berarkan, el-yurtga sidqidildan, halol xizmat qilishini tiladi. Anjumanda yig`ilgan nuroniy oqsoqollar, taniqli ulamolar ham Zohirshohga fotiha berishdi.
Zohirshoh ham so`zga chiqib, otasiga har jihatdan munosib farzand va shogird bo`lish uchun qo`lidan kelganicha harakat qilishini bildirdi.
Anjumanda ota-o`g`il san`atkorlar ijrosidagi qo`shiqlar yig`ilganlarni xushnud etdi. Ayniqsa, bir paytlar Sherali Jo`raev o`z padari buzrukvoriga atab aytgan “Otam” qo`shig`ini mahorat bilan ijro etgan Zohirshohni davra ahli guldiros qarsaklar bilan olqishladi.





