Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi chog`ida Qorao`zak tumanidagi temir rudasining katta rezerviga ega Tebinbuloq konini o`zlashtirish istiqbollari haqida alohida to`xtalib o`tgan edi.
Mana, oradan bir oy o`tib-o`tmay, 2018 yil 12 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tebinbuloq koni negizida tog`-metallurgiya kompleksi qurilishi” investisiya loyihasini amalga oshirish ishlarini tashkil etish to`g`risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, bu konni o`zlashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi: 2021 yildan boshlab yiliga 1 million tonna po`lat ishlab chiqariladi va majmua 2024 yilda to`liq ishga tushiriladi. Shuningdek, loyihada cho`yan va po`lat olishda domen bo`lmagan texnologiyani qo`llash nazarda tutiladi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining geologiya, yoqilg`i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tomonidan “Tebinbuloq konida kelgusida cho`yan ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlandi.
Bu yo`nalishdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida maxsus direksiya tashkil etildi. U “O`zbekiston temir yo`llari” AJ mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihani amalga oshirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo`yicha ishchi komissiya tuzish belgilandi. Ishchi komissiya zimmasiga loyihani amalga oshirish, qurilish va qurilish-montaj ishlarining sifatli va o`z vaqtida bajarilishi yuzasidan mansabdor vazirliklar bilan muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring o`tkazish yuklatilgan.
O`zAning yozishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi O`zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi bilan birgalikda belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi bilan er maydonlarini ajratish va shu munasobat bilan mahalliy byudjet va boshqa manbalar hisobidan kompensasiyalar to`lashni ta`minlaydi.
Investisiyalarni jalb etishga yo`naltirilgan yangi dasturga muvofiq 2018-2019 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasida umumiy qiymati 4,5 trillion so`mlik 1300 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi va qariyb 10 ming ish o`rni yaratiladi. Jumladan, sanoat tarmoqlarida 492 million dollarlik 232 investisiya loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, yoqilgi-energetika va kon-metallurgiya sohalariga umumiy qiymati 3,4 milliard dollardan ko`proq 5 yirik loyihani kiritish rejalashtirilgan.
18.01.2018 13:04
Tebinbuloq koni 2024 yilda to`liq ishga tushiriladi






