AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoevning qizi Shahnoza Mirziyoeva bog`cha vazirligida boshqarma boshlig`i o`rinbosari sifatida ishlamoqda

'Shavkat Mirziyoevning qizi Shahnoza Mirziyoeva bog`cha vazirligida boshqarma boshlig`i o`rinbosari sifatida ishlamoqda'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qizi Shahnoza Shavkatovna Mirziyoeva Maktabgacha ta`lim vazirligining Maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari sifatida ishlamoqda. Bu haqda vazirlikning yangi ishga tushgan MDO.uz saytiga tayanib "Daryo" nashri ma`lum qildi.

Shahnoza Shavkatovna boshqarmada Elena Tenning o`rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda. Mazkur boshqarma davlat, nodavlat va muqobil ko`rinishdagi bolalar bog`chalari faoliyatini tashkil etish bilan shug`ullanadi.

Vazirlik sayti dastlabki sinov bosqichida rus tilida ishga tushgan bo`lib, yaqin vaqt ichida saytning o`zbek tilidagi muqobili ham to`liq quvvat bilan ish boshlashi kutilmoqda.

Saytda vazirlikning tashkiliy tuzilmasi, rahbar shaxslari, shuningdek, maktabgacha ta`lim sohasidagi so`nggi yangiliklar haqida axborot berilgan.

Ma`lumot uchun, Shahnoza Mirziyoeva Prezident Shavkat Mirziyoevning kenja qizidir.

Shahnoza Mirziyoeva — o`ngdan birinchi; 2016 yil, 4 dekabr.

O`zbekiston Maktabgacha ta`lim vazirligi O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 30 sentyabrdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Agrippina Shin vazirlik rahbari etib tayinlangan.

Vazirlikning asosiy vazifalari etib O`zbekistonda o`zaro raqobatdosh davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini yaratish orqali bolalarning maktabgacha ta`lim muassasalari bilan qamrab olinish hajmini oshirish, shuningdek, amaliyotga maktabgacha ta`lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil vositalarini joriy etishdir.

Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar va metodlar yordamida rahbarlar va pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash, shuningdek, bolalarga g`amxo`rlik qilish uchun munosib sharoitlar yaratish ko`zda tutilgan. Vazirlik bu yo`lda Janubiy Koreya tajribasini O`zbekistonda tatbiq etishni rejalashtirmoqda.

Boshqa yangiliklar