1

Ichki ishlar xodimlarining mas`uliyatsizligi tufayli bir begunoh fuqaro “jinoyatchi”ga chiqarildi

Jamiyat 19.01.2018, 17:13
Ichki ishlar xodimlarining mas`uliyatsizligi tufayli bir begunoh fuqaro “jinoyatchi”ga chiqarildi

Ikki farzandning otasi, oilasi bilan tinch-totuv yashab kelayotgan Kasbi tumanilik Sherzod Xoliyorov (ism va familiyasi o`zgartirilgan) geologiya-qidiruv ishlari bilan shug`ullanadigan korxonaga ishga kirmoqchi bo`lib, murojaat qilganida uning hujjatlari tekshirib ko`rildi, deb yozadi “Xalq so`zi” muxbiri.

Kutilmaganda mazkur korxona mutasaddilari uning muqaddam sudlanganligini aytib qolishdi. Buni eshitib, Sherzod esankirab qoldi. Bu ham etmaganday, tegishli organlardan bu holatga aniqlik kiritishda amaliy yordam so`rab qilgan murojaatlari hech qanday natija bermadi.

Oylab cho`zilgan sarsongarchilik va haq-huquqining poymol etilishi Sherzodning sog`lig`iga jiddiy ta`sir o`tkazdi. Nihoyat u O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasiga murojaat qildi. Aniqlanishicha, bunga ichki ishlar xodimlarining oddiy e`tiborsizligi va mas`uliyatsizligi sabab bo`lgan ekan. Uning ism-familiyasi, hatto, otasining ismi bilan bir xil bo`lgan boshqa bir fuqaro bilan chalkashtirib yuborilgan. O`sha fuqaro esa 2011 yilda yo`l-transport hodisasi sodir etganligi uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan ekan. 2016 yilda esa farzandiga aliment to`lashdan bo`yin tovlagani uchun yana qamoq jazosiga hukm qilingan. Qizig`i shundaki, haqiqiy jinoyatchi Kasbida emas, Qarshi tumanida yashaydi. Ularning yoshi va tug`ilgan yili ham bir-biriga to`g`ri kelmaydi.

Ichki ishlar idorasidagi bu chalkashlikni oddiygina qilib “anglashilmovchilik bo`libdi” deb qo`ya qolishdi. Lekin birgina murojaat bilan aniqlanishi mumkin bo`lgan ushbu anglashilmovchilik uchun bir begunoh fuqaro uch oy ovora bo`lib, Xalq qabulxonasining aralashuvi bilangina o`z haq-huquqini tikladi. Qolaversa, ishsiz ham qoldi.

— Yaxshiyamki, Xalq qabulxonasi tashkil etilgan ekan, yo`qsa kimningdir mas`uliyatsizligi menga qimmatga tushardi, — deydi aybsiz “aybdor” Sh. Xoliyorov. — Murojaatimni e`tibordan chetda qoldirilmay tezkor ko`rib chiqilgani va umuman, odamlarning dardini haqiqiy ma`noda tinglaydigan qabulxonalar tizimi yo`lga qo`yilgani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1