Hozirgi kunda qadar Urganch – Xiva yangi temir yo`l liniyasida umumiy uzunligi 29,6 kilometr temir yo`llar yotqizildi, deb xabar qiladi "O`zbekiston temir yo`llari" AJ axborot xizmati.
“Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko`ra, ushbu yangi temir yo`li joriy yilda foydalanishga topshirish ko`zda tutilgan. Loyiha qiymati 35,9 million AQSh dollariga teng.
Qurilish-montaj jarayonida jami 831 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Yo`l bo`ylab 124 ta sun`niy inshoot ham barpo etildi. Bunyodkorlik ishlari davomida 6 ta yo`l o`tkazgich va ko`priklar qurildi.
Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning o`zida 200 yo`lovchiga xizmat ko`rsatish imkoniga ega bo`lgan, milliy uslubi uyg`unlashgan temir yo`l vokzali ham barpo etilmoqda. Yangi qurilayotgan vokzal binosining tashqi ko`rinishi Xorazm me`morchiligi namunalarini o`zida aks ettiradi. Vokzal so`nggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan jihozlanadi. Bu erda zamonaviy VIP-zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari quriladi.
Loyihaga ko`ra binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar uyg`unlashgan ko`rkam foe ham o`rin olgan. Rejaga muvofiq uning oldi qismida zamonaviy, musiqali favvora o`rnatiladi. Bu erda yuqori tezlikdagi Internet xizmatini Wi-Fi texnologiyasi orqali tarqatish uskunalarni o`rnatish ham ko`zda tutilgan. Ayni paytda bu erda qurilish-montaj ishlari qizg`in davom etmoqda.






