Agrijento tarixida eng yirik bo`lgan ushbu operasiyaga 400 nafar huquq tartibot idorasi xodimlari, shuningdek, vertolyot va kinologlar bo`linmalari jalb qilingan, deb xabar berdi “RIA Novosti” nashri.
Italiya ega bo`lgan 4 turdagi harbiy kuchlarning biri — karabinerlar Sisiliya mafiyasi bo`lmish "Koza nostra"ga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan yirik operasiya davomida 50 dan ortiq shaxsni hibsga oldi, ular orasida Agrijento provinsiyasidan 16 ta mafiya oilasi va San-Byadjio-Platani shahri meri ham bor.
Hibsga olingan 56 shaxsga nisbatan, mafiya uyushmalarini tuzish, mahalliy firmalarga nisbatan ko`plab marotaba tovlamachilik harakatlarini sodir etish, narkotrafikda ishtirok etish singari ayblovlar qo`yilmoqda, deb bayonot bergan karabinerlar.
"Oilalar" egalik qilgan ettita kompaniya davlat hisobiga o`tkazilgan, o`nlab tintuv ishlari amalga oshirilgan.
Qo`lga olinganlar orasida — 3 ming aholiga ega bo`lgan kichik shaharcha — San-Byadjio-Platani meri Santo Sabella ham bor. Tergovchilar bergan ma`lumotlarga ko`ra, Santo Sabella ushbu lavozimni "Koza nostra"dagi aloqalari tufayli qo`lga kiritgan va buning evaziga u davlat pudratidan ularga o`rin ajratishga va`da bergan bo`lishi mumkin.






