Og`ir kunlarda doimo bir-biriga elkadosh bo`lgan xalqimiz shu kunlarda Qozog`istonda ro`y bergan fojiadan halok bo`lgan hamyurtlarimiz oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta`ziya bildirishda davom etishmoqda.
Hatto qo`shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg`uli kunlarida sherik ekanlarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo`lgan imom-xatiblarimiz bu ishda ham ibrat bo`lishmoqda. Zero, mo`min-musulmonlar og`a-ini ekanlari Qur`oni karimda ta`kidlangan: “Albatta, mo`minlar dinda o`zaro birodardirlar...” (Hujurot, 10).
Mana shu xitobni o`zlariga shior qilgan Toshkent viloyati imom-xatiblari bosh imom-xatib Xayrullo Turmatov boshchiligida fojiada qurbon bo`lganlarga hamdardlik bildirish uchun kecha, 22 yanvar kuni Namangan viloyatiga borishdi. Viloyatdagi har bir xonadonga kirib, mash`um fojiada halok bo`lganlarning haqlariga tilovati Qur`on o`qib, duolar qilindi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo`minning darajasi yuqori bo`lishi, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida kishi suvga g`arq bo`lib, o`tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg`oq paytida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytib, musibat egalariga tasalli berildi.
Imom-domlalar Yaratgan Parvardigordan halok bo`lganlarning solih amallarini o`zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag`firat etishini, yotgan joylarini jannat bog`laridan bir bog` qilishini iltijo qilib so`rashdi. Ularning oila a`zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanlarini bildirib, sabru jamil tilashdi.
O`z navbatida musibat egalari hamdardlik izhor qilinganidan mahzun ko`ngillari yorishgani va ulamolar qayg`ulariga sherik ekanlari boshlariga kelgan qayg`uni biroz aritganini ta`kidlashdi.