Savol: Farzand uchun qilinadigan aqiqani qachon so`yish kerak? Men bu haqida ikki xil ma`lumot eshitdim. Ularning qay biri to`g`riligini bilolmadim: ba`zilar 21 kun ichida aqiqa qilsa bo`ladi deyishdi. Yana ba`zilar, 7-chi, 14-chi va 21-chi kunlarida so`yiladi, deb aytishdi. Bu ma`lumotlarning qay biri to`g`ri?
Javob: Bismillah, valhamdulillah. Sunnatga muvofiq, farzand tug`ilganining ettinchi yoki o`n to`rtinchi, yo bo`lmasa, yigirma birinchi kuni aqiqa jonlig`i so`yiladi.
Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Aqiqa ettinchi yoki o`n to`rtinchi yoki yigirma birinchi kuni so`yiladi”, deganlar (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da, Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih). Termiziy ahli ilmlardan naql qilishicha, aqiqani ettinchi kuni so`yish mustahabdir. Agar o`sha kuni so`ya olmasa, o`n to`rtinchi kuni, u kunda ham so`ymasa, yigirma birinchi kuni so`yadi (Obodiy, “Avnul ma`bud”).
Hadisi shariflarda aytilganidek, aqiqani ettinchi, o`n to`rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilish afzal. Ammo bu qo`yni faqat o`sha kunlardagina so`yish kerak degani emas. Chunonchi, xohlaganlar bola tug`ilganidan bir kun o`tib ham aqiqa qilishi yoki imkoni topilmaganlar keyinchalik – yigirma birinchi kunidan keyin ham aqiqa qilishlari mumkin. Bunda bandaning imkoniga qaraladi. Agar u safarga ketishi kerak bo`lib qolsa yoki boshqa ishlari shoshilinch bo`lsa, bola etti kunlik bo`lgunicha ham aqiqa qilaveradi. Qurbi etmasa, qachon imkonini topsa, o`shanda aqiqa qiladi. Bunda yoshning ahamiyati yo`q. Masalan, bir inson yoshi qirqqa kirganida musulmon bo`ldi yoki Islom mohiyatini anglab etdi. U o`g`illariga, katta yoshda bo`lsalar ham, aqiqa qilishi yaxshidir. Sababi qilinmagan ishni to umrning oxirigacha qilib qo`yish kerak bo`ladi. Demak, aqiqada bandaning moliyaviy holati inobatga olinadi. Qarz olib aqiqa qilish yoki o`zi qarzdor, qiyin ahvolda bo`la turib aqiqa qilishi mumkin emas. Yana Alloh bilguvchiroqdir!
Aqiqa go`shtini muhtojlarga tarqatish
Savol: Assalomu alaykum. Men bir masala yuzasidan sizlardan maslahat olmoqchi edim. Allohga shukr, yaqinda o`g`il farzandli bo`ldim va unga yaxshi niyatda “Bilol” deb ism qo`ydim. Dinimizda chaqaloq tug`ilganidan keyin qilinadigan amallardan biri bo`lgan aqiqani moddiy holatimga qarab qilmoqchi edim. Ushbu marosimni qanday o`tkazish tartibini bilmayman. Bir yoki ikki jonliqni so`yib bechoralarga tarqatish kifoyami yoki yana boshqa amallarni ham bajarish kerakmi? Iltimos, shu haqida tushuncha bering?
Javob: Va alaykum assalom. Imkoni bor odam farzandi nomidan aqiqa qilsa yaxshi bo`ladi. Imkonini topolmaganlar aqiqa so`ymasalar ham zarari yo`q. Zero, shariatimizda moliyaviy ibodatlar bandaning holatiga qarab bo`ladi. Aqiqa qilishga qudrati etmagan odam qarz olib bo`lsa ham aqiqa qilishi kerak, degan gap yo`q shariatimizda.Aqiqa jonlig`ini so`ygandan keyin tadbir uyushtirib odamlarga tarqatish shart emas, balki bunda muhimi jonliqning so`yilishidir. Uni qay tartibda tarqatish odamning o`ziga bog`liq: xohlasa, go`shtini qo`ni-qo`shni va qarindosh-urug`larga, yana kambag`al-bechoralarga tarqatsin, xohlasa, dasturxon yozib, odamlarni mehmonga chaqirish ham mumkin. Ammo bundan ko`ra eng haqdor odamlarga tarqatish afzal. Sababi oshga qorni to`q va boy kishilar ham keladi. Nochorlar esa doim ham tadbirlarga taklif etilavermaydi. Masalaning shu tomonini inobatga olish kerak. “Muxlis.uz” saytining “Oila va nikoh” bo`limidagi “Bolaga aqiqa qilish” maqolasini o`qish orqali aqiqa haqida qo`shimcha ma`lumotga ega bo`lishingiz mumkin.
Qarzdor odam ham aqiqa qilishi kerakmi?
Savol: Assalomu alaykum, qori aka. Menda ikkita savol bor edi: mening odamlardan ozgina qarzim bor. Shuni to`lab kelmoqdaman. Nasib qilsa, tez kunlarda qarzimdan qutulaman. Yaqinda qiz farzandli bo`ldim. Odamlar, “Aqiqa qilib osh berishing kerak”, deb maslahat berishdi. Men esa, “Qarzim bo`la turib qanday aqiqa qilaman, aqiqa qilib qo`y so`yishga qurbim etsa ham qarzim bor-ku, odamlar nima deb o`ylaydi”, desam “Unda bitta qo`y so`yib nochorlarga tarqatib, aqiqani niyat qilib qo`ygin”, deyishyapti. Shunga nima deysiz. Shu ish to`g`ri bo`ladimi? Ikkinchi savolim: aqiqa necha yoshgacha qilinadi? Oldindan rahmat!
Javob: Va alaykum assalom. Jumhur ulamolar, aqiqa qilishni mustahab bo`lgan sunnatlardan ekanligini aytishgan. Bizning hanafiy mazhabimiz ulamolari bu amalni ba`zi o`rinda muboh, ba`zida “tatovvu`” deb ataydilar. Keyingi so`z mustahab ma`nosiga to`g`ri keladi. Aqiqani 7, 14 yoki 21 kunlikda qilsa, yaxshi. Ammo bu muddatda qila olmasa, qachon qudrati etsa, o`shanda qiladi. Aqiqa qilishga hech kim majburlanmaydi. Ammo ilojini topgan zahoti qilish afzal. Sababi bolaning ma`lum ishlari aqiqaga bog`liq bo`ladi.
Nazr qurbonligi va aqiqani jamlash mumkinmi?
Savol: Assalom alaykum. Bir holatni to`g`ri tushunishda maslahatingiz kerak edi. Bir necha yil ilgari “agar Alloh o`g`il, qiz farzand bersa, Uning yo`lida bir qurbonlik qilaman” deb niyat qilgandim. Shukrki, bu niyatim amalga oshdi. Men qilgan bu niyatim “nazr qurbonligi” deb o`ylab yurardim. Yaqinda Sayfiddin Sayfulloh tomonidan tarjima qilingan “Qurbonlik risolasi” kitobini varaqlaganimda u erda shukrona qurbonligi haqida o`qib qoldim. Hozirda farzandlarim borligi uchun shukrona qilib qurbonlik qilishdan ilgari nazr qurbonlikni qilishim lozimmi?
Javob: Vva alaykum assalom. Nazrga vafo qilish vojibdir. Bu Qur`oni karim va hadisi shariflar bilan sobit bo`lgan. Alloh taolo aytadi: “Va nazrlarini to`la ado qilsinlar!” (Haj, 29). Boshqa oyatda Alloh O`zining abror bandalarining dunyodagi hayotlari haqida xabar qilib, ular nazrlariga vafo qilishlari, qiyomat kunidan qo`rqib turishlarini aytgan.
Nazrga vafo qilish lozimligiga hadislarda ham hujjat bor.
Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim Allohga itoat etishni nazr qilgan bo`lsa, bas, U Zotga itoat etsin! Kim U Zotga osiy bo`lishni nazr qilgan bo`lsa, bas, osiylik qilmasin!” (Buxoriy, Sunan sohiblari, Dorimiy, Molik, Ahmad, Ibn Xuzayma va Ibn Hibbon rivoyati). Ushbu rivoyatda toatga qilingan nazrga vafo qilish vojib ekani, ma`siyatga qilingan nazrni tark qilish lozimligi aytilmoqda.
Nazr qurbonligi va aqiqani jamlash imkoni yo`q. Sababi ular ikkovi alohida ibodatdir. Nazr qurbonlik qilishni nazr qilish bilan bo`lsa, aqiqa farzand tug`ilishi bilan bo`ladi. Nazr qurbonligi va aqiqaning hukmi ham ikki xildir. Nazrga vafo qilish vojib. Farzand tug`ilganida uning nomidan aqiqa qilish esa sunnatdir. Nazrga boy ham, kambag`al ham vafo qilishi kerak. Aqiqani imkoni yo`q kambag`al odam qilmasa ham zarari yo`q.
Nazr qurbonligining go`shtidan sohibi emaydi, balki hammasini kambag`al va bechoralarga tarqatadi. Aqiqa qurbonligining go`shti o`zgalarga tarqatilishi bilan birga undan xonadon sohiblari ham eyishlari mumkin.
Umumiy qoida shuki, agar ikki ibodatning asosi bir bo`lsa, ularda niyatni jamlash joiz. Masalan, junublikdan va juma kuni qilinadigan g`uslni jamlasa bo`ladi. Shuningdek, juma kungi va iyd kunining g`uslini, junublikdan yoki hayzdan qilinadigan g`uslni ham ham jamlash mumkin. Ammo ikki mustaqil ibodatda alohida-alohida niyat qilish lozim.
Demak, siz avvalo nazr qurbonligini qilasiz. Undan keyin qodir bo`lsangiz, aqiqa qilasiz. Vallohu a`lam!
Ramazonda aqiqa qilish mumkinmi?
Savol: Assalomu alaykum. Ro`za oyida ikki o`g`limni xatna qildirib, keyin qo`y suyib iftorlik qilmoqchiman. Ikkala o`g`limga ham hali aqiqa qilmaganman. Ro`za oyida shu ishlarni kilish mumkinmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Javob: Aqiqani yilning istalgan vaqtida qilish mumkin. Jumladan, Ramazon oyida ham aqiqa qilsa bo`ladi. Faqat bu ishlar ro`za tutishga xalal bermasligi kerak. Keyin mehmondorchilik saharlik yoki iftorlik paytida bo`ladi. Ma`lumki, Ramazonda kun davomida taom iste`mol qilinmaydi.
Yana bir narsa borki, aqiqa qilaman, deb farz bo`lgan Ramazon oyi ro`zasini tutishda kamchilikka yo`l qo`yish yaxshi emas. Shu sabab ko`pchilik aqiqa va nikoh to`ylarini Ramazondan tashqari vaqtlarda o`tkazadilar. Ramazon oyi yilda bir marta keladi. Uni ibodat, zikr, tasbeh va Qur`on tilovati bilan o`tkazish yaxshi. Turli tadbirlar esa bandani ibodat lazzatidan to`sadi.
Odilxon qori Yunusxon o`g`li
http://muxlis.uz