Shotlandiyadagi Margiotta Food & Wine supermarketlar tarmog`ida sotuvchi vazifasini bajaruvchi Fabio ismli Pepper roboti o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, qo`pol hazillar qilgani bois ishdan bo`shatildi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.
Fabio xaridorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini tanlashda yordam berishi lozim edi. Savdo do`koni xodimlari robotni qanchalik maqtamasin, u tovarlarning qaerda joylashganini to`g`ri aytib berolmadi. U “Sut qaerda?” degan savolga “Muzlatkichda”, deb javob berdi. Boshqa xaridorlar esa bergan savollariga umuman javob olisholmadi. Bundan tashqari, u qo`pol hazillar qila boshladi.
Oqibatda xaridorlar robotdan qochadigan bo`lishdi. Rahbariyat esa robot xizmatidan voz kechishga qaror qildi. Robot do`konda bor-yo`g`i bir hafta ishladi. Unga ishdan bo`shatilgani haqida aytilganda, robot “Rahbariyat mendan xafami?” deb savol berdi. Mashina yana Heriot-Watt o`quv markaziga qaytarildi.






