AsosiyJamiyat

Aqto`be fojeasidan so`ng fuqarolar xavfsizligini ta`minlash maqsadida Hukumat qarori imzolandi

'Aqto`be fojeasidan so`ng fuqarolar xavfsizligini ta`minlash maqsadida Hukumat qarori imzolandi 'ning rasmi

O`zbekiston hukumati yo`lovchi avtotransportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta`minlashga doir shoshilinch chora-tadbirlarga doir qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qaror Qozog`istonning Aqto`be viloyatida sodir bo`lgan fojiali voqealar takrorlanishiga yo`l qo`ymaslik, davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta`minlash maqsadida qabul qilingan.
Qarorga ko`ra, chegaradosh davlatlar bilan xalqaro yo`llarda muntazam avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Chegaradosh davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari bilan O`zbekiston fuqarolarini noqonuniy tashish, ular ishtirokida baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida borgan mamlakatda avtotransport vositalarida xavfsizlik standartlari va talablarini takomillashtirish bo`yicha hamkorlik ta`minlanadi.

Borgan mamlakatidagi ro`y bergan hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarga xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan shoshilinch yordam ko`rsatish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Aviasiya va temir yo`l transportida yo`lovchilarni tashish uchun chiptalar Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining buyurtmanomalari bo`yicha imtiyozli tariflar bo`yicha rasmiylashtirish nazarda tutilgan Idoralararo bitim tasdiqlanadi.

Bir oy muddatda charter qatnovlarni amalga oshirish, harakatdagi temiryo`l tarkibi soni, shu jumladan, plaskart vagonlar ulushini ko`paytirish, byudjeti past bo`lgan xorijiy avia- va temiryo`l kompaniyalari, jumladan, «Rossiya temir yo`llari» bilan hamkorlik masalalari bo`yicha tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

2018 yilning 1 fevralidan boshlab, yo`lovchilar bilan davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan avtobuslar va mikroavtobuslar yo`lga chiqishdan oldin texnik ko`rikdan o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar