Maktabgacha ta`lim vaziri A.Shin va yana bir qator mas`ullar 23 yanvar kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan 206-maktabgacha ta`lim muassasasiga kutilmaganda tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Vazir boshchiligidagi mas`ullar e`tiborini bog`chaning tayyorlov guruhi tarbiyachisi Dilyara Egamberdieva o`tkazayotgan navbatdagi mashg`ulotlar o`ziga jalb qildi. Bolalar shu qadar mashg`ulotlarga qiziqib ketishganki, hatto mehmonlarning guruhga kirib kelganligini ham sezmay qolishdi. Kuzatuv davomida aniqlanishicha, tarbiyachi Dilyara Egamberdieva o`zining o`n sakkiz yillik pedagogik tajribaga ega bo`lgan, oliy ma`lumotli bog`cha opa farzandlarimizga zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ta`lim-tarbiya berishga intilgan jonkuyar, intiluvchan, zamon bilan hamnafas tarbiyachi ekan. Bog`cha opaning ta`lim-tarbiya berish metodikasini yuqori baholandi.
Ammo, Soat 12.20 bo`lishiga qaramay, bog`cha tarbiyalanuvchilari uchun tushlik tashkil etilmaganligini ko`rgan vazir taajublandi va bog`chada sog`lom ovqatlantirish jarayoni ham to`g`ri tashkil etilganligiga amin bo`lish maqsadida oshxonaga yo`l oldi.

Afsuski, oshxonadagi holat kutilgan natijani bermadi. Taomnoma bo`yicha 2-ovqatga qaylali no`xatli bo`tqa pishish arafasida bo`lsada, uning ichida hozirgina solingan xom go`sht borligi hammani hayratga soldi. Aniqlanishicha, oshpaz E.Mamedova taomnoma bo`yicha tushlikdagi 2-ovqatga berilishi lozim bo`lgan 35,22 kg. go`sht o`rniga 31kg. go`sht ishlatgan ekan. Ammo, mehmonlarning kutilmagan tashrifi uni esankiratgani bois, pishib turgan no`xatli bo`tqaga yana 4 kg.xom go`shtni solib, ana shu bois tushlik berish bog`chada kechiktirilgan.
Albatta, bu manzara yuqoridagi xushkayfiyatdan asar ham qoldirmadi. Bir so`z bilan aytganda, Yunusobod tumanidagi 206-maktabgacha ta`lim muassasasining oshxona faoliyati talab darajasida yo`lga qo`yilmaganligi bilan birga bog`chada kun tartibi buzilganligi ham aniqlandi. Shuningdek, mazkur bog`chaning quvvati 540 nafar bolaga mo`ljallangan bo`lishiga qaramay, 2018 yilning 1 yanvar xolatiga tarbiyalanuvchilar soni 740 nafarni tashkil qilayotganligini qanday baholash mumkin.Ustiga-ustak bolalar bog`chasi binosining birinchi blogi tuman hokimiyati tomonidan Mahalla qo`mitasiga berilgan. Yo`l qo`yilgan ana shu kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida 206-maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi V.Muhammedova, oshpaz E.Mamedova, ombor mudiri D.Dadaxodjaevalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, bog`cha hamshirasi Sh.Tashtaevaga intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.
Kunning ikkinchi yarmida Maktabgacha ta`lim vaziri A.Shin va yana bir qator mas`ullar M.Ulug`bek tumanidagi 14-maktabgacha ta`lim muassasasida ham bo`lishdi. Bu erdagi holat ham yuqoridagi bog`chadan qolishmaydi. Bog`cha 1980 yilda qurilgan bo`lib uning quvvati 320 o`ringa mo`ljallanganligiga qaramay, bugungi kunda ushbu bog`chada 551 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 14-maktabgacha ta`lim muassasasining oshxona faoliyati talab darajasida yo`lga qo`yilmaganligi yana ko`ngilni xira qildi. Xususan, maktabgacha ta`lim muassasiga Toshkent shahrida faoliyat ko`rsatayotgan MChJ “Ibragimova” tomonidan etkazib berilgan go`shtning bir qismi sifatsiz holatda ekanligi va yaroqsiz go`sht mahsulotlari oshxona muzlatgichida saqlanganligiga qanday izoh berish mumkin. Albatta, kamchilikka chora ko`rish muqarrarligi bois, mazkur bog`cha ombor mudiri D.Bahromova, bosh oshpazi D.Davirova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi vazifasini bajaruvchi F.Usmanbekovaga hamda hamshira G.Xo`jamkulovalarga esa “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan. Qolaversa, 14-maktabgacha ta`lim muassasasi hamda MChJ “Ibragimova” o`rtasida tuzilgan shartnoma ham bekor qilingan.
Maktabgacha ta`lim vaziri A.Shin o`rganish davridagi holatlarni zudlik bilan bartaraf etish va ularni takrorlamaslik maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va ijroga qaratish yuzasidan mutassadilarga topshiriq berdi.
Bolalar bog`chalaridagi ishlarning haqiqiy holati va ularning faoliyati samaradorligini o`rganish tadbirlari barcha hududlar bo`yicha muntazam ravishda amalga oshirilishini yana bir bor ta`kidlash joiz.Demak, keyingi o`rganish Sizning bog`changizda ham bo`lishi mumkin.






