“O`zstandart” agentligi O`zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “O`rikzor” bozorida sotilayotgan bolalar o`yinchoqlarini belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida quyidagi bolalar o`yinchoqlarining xaridini amalga oshirdi.
Mazkur o`yinchoqlarda saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi modda - formaldegid miqdori o`n baravar yuqoriligi aniqlandi
Amaldagi tartibga ko`ra, bolalar o`yinchoqlarida formaldegid miqdori 0,003 mg/m3 bo`lishi kerak. Ammo O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot sanitariya birlashmasi sanitariya-epidemiologiya stansiyasi sinov laboratoriyasining sinov natijalariga ko`ra, yuqoridagi o`yinchoqlarda formaldegid miqdori bu ko`rsatkichdan o`n baravar yuqoriligi aniqlandi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Saraton kasalligini o`rganish agentligi xabariga ko`ra, formaldegid inson organizmida saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy omil hisoblanadi.
Formaldegidning bola organizmida to`planishi yo`talish, gijjalar, bronxial astma kabi kasallikni jadal rivojlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, rang o`zgarishi, toliqish, nafas qisish, bosh og`rig`i, uyqusizlik, hattoki, ongining zaiflashishiga sabab bo`ladi.
“O`zstandart” agentligi o`yinchoqlarni xarid qilish chog`ida nimalarga e`tibor qaratish zarurligi haqida ham eslatgan.
— O`yinchoqning buzilmagan qadoqda bo`lishi;
— Qadoq yorlig`idagi ma`lumotlar davlat tilida, foydalanish tavsiyalari ko`rsatilgan holda, qanday ashyolardan tayyorlanganligi (plastmassa, rezina, yog`och va h.k) va majburiy tarzda ishlab chiqaruvchi to`g`risida ma`lumotlar bo`lishi shart.
— O`yinchoqlardagi kuchli hid va bo`yoqlarni qo`lga yuqishi ota-onalarni hushyorlikka chaqirishi lozim. Bu holatda ishlab chiqaruvchilar tomonidan xavfsiz bo`lmagan bo`yoqlar ishlatilgan bo`lishi va texnologik jarayon buzilgan bo`lishi ham mumkinligini anglatadi. Sifati shubhali o`yinchoqlar bolalarning sog`lig`iga jiddiy zarar etkazishi mumkin.