2018 yil mamlakatimiz neft-gaz sohasida muhim voqea bilan boshlandi. Ustyurt mintaqasining Surg`il maydonida gaz kondensatining yangi sanoat zaxiralari topildi. Bu haqda “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Konni qidirish ishlari Prezidentimizning 2017 yil 2 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasining neft va gazga boy Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida olib borildi. Unga muvofiq, “O`zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari Ustyurt tekisligi er ostida uglevodorodlar qidirish ishlarini kengaytirdi.
Ustyurt mintaqasi – shafqatsiz hudud. Qishning sovuq izg`irini, yozning jazirama issig`i, suv yo`qligi uni amalda yashashga yaroqsiz qiladi. Ammo, bu unumsiz erga kelgan tadqiqotchi-geologlar shu erdan tabiiy boyliklar – uglevodorod konlari topishdi.
Hududning noqulay iqlim sharoiti va haroratning keskin o`zgarishiga qaramay, mutaxassislar 1-burg`ilash minorasini o`rnatdi va dastlabki quduqni qurdi. Mamlakatimiz tadqiqotchi-geologlarining taxminlari to`la tasdiqlandi – quduqdan birinchi gaz kubometrlari chiqdi. 2018 yil boshida o`tkazilgan tog`-geofizika ishlari natijasida 3600 metr chuqurlikda gaz va kondensat mavjudligini topishga erishildi.
Mamlakatimiz neft-gaz sanoatini rivojlantirish dasturida Surg`il koni alohida ahamiyatga ega. Uni qazish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va boy resurslarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirishga e`tibor qaratilmoqda.
Yaqin vaqtda mutaxassislar tomonidan uglevodorod zaxiralari o`sishining bahosi beriladi va Quyi Surg`il konida geologiya qidiruv ishlarining keyingi yo`nalishlari bo`yicha takliflar tayyorlanadi.
24.01.2018 10:45
Qoraqalpog`iston kengliklarida yangi gaz konlari topildi






