O`tgan yili sentyabr oyida mamlakatimizda valyuta siyosatining liberallashtirilishi natijasida turli tovarlar va xizmatlarning narxida o`sish holatlari kuzatildi. Faqatgina aloqa xizmatlari narxlari eski holicha qolgan edi.
Ammo shu yilning 20 yanvarida «Bilayn» kompaniyasi 2018 yil 1 fevralidan boshlab tarif rejalarining kunlik abonent to`lovi oshirilishini ma`lum qildi. Unga ko`ra, kunlik abonent to`loviga ega tariflarda kunlik abonent to`lovi o`rta hisobda 66 foizgacha oshirilgan: «Bravo Online», «Bravo Vodiy» va «Bravo Ooo!» — 252,6 so`mdan 420 so`mga, «Zo'r-zo'r» «Mix», «Juda oddiy!» — 210,5 so`mdan 350 so`mga, «Yangi O!», «Qo`shnilar+», «Klik» —168,4 so`mdan 280 so`mga.
Qolgan, tarif rejalar «Bir Hafta», «Bir Oy», «Status Silver», «Status Silver+», «Status Gold+», «Status Platinum+» va ularning shartlari avvalgidek qoladi.
Bu mobil aloqa xizmatlari narxining ko`tarilishidagi dastlabki qadammi? Ko`pchilikni tashvishlantiradigan savol. Sababi mamlakatimizda salkam 23 million kishi mobil aloqadan foydalanadi. Kundalik ehtiyojga aylangan bu xizmatning qimmatlashishi ijobiy holat emas, har holda. Ustiga-ustak, abonentlari soni bo`yicha eng yirik kompaniya bu ishga qo`l urdi. Qolaversa, «Bilayn» hozir faqat kunlik abonent to`loviga ega tarif rejalari narxini oshirayotgan bo`lsa, ertaga navbat abonent to`lovi oylik to`lanadigan tarif rejalariga kelmaydimi? Undan keyin so`zlashuvning daqiqasi uchun to`lovlar, mobil internet...
«Xabar.uz» muxbiri narxlar siyosati borasida boshqa kompaniyalar qanday niyatda ekani bilan qiziqdi.
«UMS» kompaniyasi vakili kompaniya abonentlar manfaatlarini o`ylagan holda hamda mobil aloqa xizmatlari narxlari oshib ketishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida tarif rejalari hamda xizmatlar uchun narxlarni o`zgartirishni rejalashtirmayotganini ma`lum qildi. Hozirda kompaniya tomonidan yangi tarif rejalari ishlab chiqilayotgani, ular abonentlarning ovozli suhbat hamda internet-trafikka bo`lgan talab va ehtiyojlarini maksimal tarzda qamrab olishi kutilayotgani qo`shimcha qilindi.
«UZMOBILE» milliy aloqa operatori ham o`z abonentlari manfaatlarini o`ylab, mobil aloqa xizmatlari uchun narxlarni oshirmasligini bildirdi. Aksincha, kompaniya mijozlarga yanada arzon va qulay tariflar taqdim qilishni davom ettirish niyatida.
Qiziq, bir savol o`ylantiradi: mamlakatimizda barcha mobil kompaniyalari uchun teng imkoniyatlar yaratib berilgan bo`lsa, nega biri narxlarni oshirmasdan, aksincha, yanada qulay tariflar yaratish bilan ovora bo`ladiyu, ikkinchisi oshirib yuboradi? Axir o`sha kompaniya birinchilardan bo`lib, O`zbekiston hukumati yaratgan imkoniyatlardan foydalangan va abonentlari sonini oshirib olmaganmidi? Endi bozorda boshqalarga nisbatan ustunlikka ega bo`lib olib, o`zi istagan qarorni qabul qilish deganimi bu? Keyingi qaror qanaqa bo`ladi? Millionlab abonentlarning ishonchi-chi?