AsosiyJamiyat

Kattaqo`rg`ondagi maxsus bo`lim “mayor”i kimlarga nimalarni va`da qildi?

'Kattaqo`rg`ondagi maxsus bo`lim “mayor”i kimlarga nimalarni va`da qildi?'ning rasmi

Xalqimizda “Ko`r hassasini bir marta yo`qotadi”, degan naql bor. Biroq, aqli -hushi joyida, ko`zi ochiq insonga bir qilmishidan xulosa chiqarishi uchun ishlatiladigan bu naqlga amal qilmaydiganlar ham oramizda uchrab turadi, deb yozmoqda O`zA.

Karmana tumanida yashovchi Lochin Qarchig`aev (ism-shariflar o`zgartirilgan) 2018 yil 6 yanvar kuni sodir etgan jinoyatiga qadar naqd sakkiz marta firibgarlikni amalga oshirgan. E`tiborlisi, uning jinoyati davriyligi xuddi rejalashtirilgandek, oraliq muddat 2 yoki 3 yilga “tanaffus” qilingan.

Oilasidan ajrashgan, 2 farzandning otasi Lochin 6 yanvar kuni Nurota tumaniga boradi. Soat taxminan 11:00 da tumanning Yangiobod qishlog`ida yashovchi fuqaro T.A.ning uyiga borib, o`zini Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on shahrida joylashgan 7-Tergov hibsxonasi maxsus bo`limida ishlovchi “mayor Sobirov” deb tanishtiradi. T.A.ga Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o`tayotgan o`g`li X.B.ning ozodlikka chiqarilishida amaliy yordam ko`rsatishini va`da qiladi. Bu so`zlarga chin ko`ngildan ishongan onaizor 240 ming so`m naqd pul, 150 ming so`mlik qo`l telefoni, 500 ming so`mlik kiyim-kechaklarigacha berib yuboradi.

Navbatdagi “ov” ham baroridan keldi. Qiziq, uddaburon “mayor” yangiobodlik yigitning Zangiotada “o`tirganini” qaerdan bildi ekan?

“Uddaburon” shu kunning o`zida tumanda ikkinchi tayyor "o`lja"ni uchratadi. Yangiobod-Nurota yo`nalishida qatnovchi A.Q. boshqaruvidagi “Tiko” mashinasiga o`tiradi. Yo`l-yo`lakay haydovchini ham tuzoqqa ilintirish qiyin kechmadi. Gap shundaki, firibda ustasi farang Lochin o`zini yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirdi. Soddadil kirakashni maxsus evakuatorga haydovchi vazifasiga ishga joylashtirish hamda shaxsiy mashinasiga arzon narxda gaz balloni o`rnatib berishdek ulkan va`dalar girdobiga g`arq qiladi. Bu ssenariy ham ish berib, 1 million so`m “foyda” olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Nurota tumani IIB tergov bo`linmasi tomonidan Lochin Qarchig`aevga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoiy ish qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar