Jizzax viloyati Zafarobod tumanida bunyod etilayotgan neftni qayta ishlash majmuasida yiliga 5 million tonna neft qayta ishlanib, “Evro-5” standartidagi yuqori sifatli motor va aviasiya yonilg`isi, benzol, mazut, bitum va boshqa bir necha turdagi mahsulotlar olinadi.
Zavod qurilishi «Jizzakh Petroleum» qo`shma korxonasi hamda bosh pudratchi – «Enter Engineering Ltd» kompaniyasi va uning sheriklari bilan birgalikda olib borilmoqda.
Yangi majmuaga Rossiya va Qozog`iston konlaridan qazib olinayotgan xomashyo neft quvuri orqali etkazib beriladi. Ma`lumki, Omsk – Pavlodar – Chimkent neft quvuri tarmoqlaridan biri Jizzax viloyatiga yaqin hududdan o`tgan. Shu erdan yangi majmuagacha uzunligi 100 kilometrlik quvur yotqiziladi. Loyiha doirasida qozog`istonlik sheriklar uzunligi 168 kilometrlik neft quvurini rekonstruksiya qilib, nasos stansiyalari va texnik inshootlar qurib beradi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko`ra, korxona sanoat usulida ishga tushirilgandan so`ng bu erda 2 mingta ish o`rni yaratiladi. Ma`lumki, neft-kimyo tarmog`idagi har bir ish o`rni tarmoq bilan bog`liq bo`lgan boshqa sohalarda ham yana bir necha yangi ish joylarini yaratadi. Shu jihatlar hisobga olinib, korxona ishga tushishi bilan 16 mingdan ortiq yuqori daromadli yangi ish o`rni paydo bo`lishi mo`ljallanmoqda.






