Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlis palatalariga yo`llagan Murojaatnomasida bir qator sohalar kabi Moliya vazirligi tizimidagi kamchiliklarni ham ochiq ko`rsatib o`tgan edi.
Davlatimiz rahbarining tanqididan so`ng Moliya vazirligi tizimidan 500 dan ortiq xodim ishdan bo`shatildi. Bo`sh ish o`rinlarini innovasion g`oya va fikrga ega, zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o`zlashtirgan, iqtidorli, Vatanni sevadigan yoshlar bilan to`ldirish bo`yicha ishlar boshlab yuborildi. O`zbekiston Yoshlar ittifoqi va iqtisodiyot yo`nalishidagi oliygohlardan nomzodlar tavsiya etish bo`yicha amaliy yordam so`raldi.
Moliya vazirligidan olgan ma`lumotlarimizga ko`ra, bugungi kunga qadar O`zbekiston yoshlar ittifoqi va uning hududiy kengashlari tomonidan Moliya vazirligi tizimida ishlash istaklarini bildirgan 1000 nafardan ortiq nomzodlar ro`yxati taqdim etilgan.
Taqdim qilingan nomzodlar ichidan birinchi navbatda oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbat o`tkazildi. Natijada Moliya vazirligi markaziy apparatida 101 nafar, hududiy moliya organlarida 296 nafar, jami 397 nafar yoshlar amaliyot o`tashga jalb qilindi.
Amaliyot yakunlari bo`yicha iqtidorli yoshlarni vazirlik kadrlar zaxirasiga kiritish hamda ish bilan ta`minlash rejalashtirilgan.
Moliya vazirligi ishchi guruhi tomonidan qolgan nomzodlarni ishga qabul qilish bo`yicha ishlar boshlab yuborilgan.






