AsosiyJamiyat

Innovasion beshik eksport qilina boshlandi

'Innovasion beshik eksport qilina boshlandi'ning rasmi

Toshkentlik tadbirkor Fathulla Tojiev ishlab chiqarishga innovasiyalarni qo`llagan holda, bugungi zamon talabiga mos beshiklar ishlab chiqarishni yo`lga qo`ydi, deb yozadi "Xalq so`zi" nashri. Yig`ma beshik — shulardan biri.

— U ishga ijodkorona yondashuvimiz mahsulidir, — deydi “Fatxulla Mega Star” xususiy korxonasi rahbari F. Tojiev. — Uning qulayligi shundaki, vazni engil. Atigi 3-4 kilogramm atrofida. Eng asosiysi, dastasi olingach, yig`ilib, ixcham sumkaga joylanadi. Onalar uni uzoq manzilga o`zlari bilan bemalol olib ketishlari mumkin.

Shu kabi afzalliklari tufayli bu beshikka nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham talab ortmoqda. Xususan, Qozog`iston Respublikasiga qariyb 50 ming AQSh dollarilik yig`ma beshiklar eksport qilish bo`yicha shartnomalar imzolandi. Ayni paytda mahsulotning dastlabki partiyasi — 2 ming dollarilik beshiklar buyurtmachilarga jo`natildi. Qolgan qismi esa, kelishuvga ko`ra, yil davomida etkazib beriladi.

Bugungi kunda korxonada 26 kishi mehnat qilayotgan bo`lib, kuniga 40 tagacha, 15 xildagi beshik yasash imkoniyati mavjud. Mahsulot tayyorlashda hunarmadchilikning o`ymakorlik, naqqoshlik kabi turlaridan ham mohirona foydalanilayotgani ko`pchilikka manzur bo`lmoqda.

— Biznesning bu turini bejiz tanlaganimiz yo`q, — deydi tadbirkor. — Beshikchilik bizga ota kasb hisoblanadi. Joriy Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yilida faoliyatimizni yanada kengaytirish, innovasion ishlanmalarni joriy etish evaziga bolalar va onalar uchun birdek qulay bo`lgan beshikning yangi turlarini yasashni rejalashtirganmiz.

Shu maqsadda tadbirkor tmonidan ishlab chiqilgan biznes-reja ayni paytda moliyalashtirish jarayonida. U to`liq amalga oshsa, 25 taga yaqin ish o`rinlari ochiladi. Muhimi, mahsulot tayyorlash va eksport qilish imkoniyati yanada kengayadi.

    Boshqa yangiliklar