AsosiyJamiyat

Farg`ona viloyati hokimi Toshloq tumani aholisini haqorat qildi

'Farg`ona viloyati hokimi Toshloq tumani aholisini haqorat qildi'ning rasmi

Farg`ona viloyati hokimi Qozog`istondagi avtobus yong`inining 16 qurboni yashagan Toshloq tumani aholisini viloyatni sharmanda qilganlikda aybladi, deb yozadi «Gazeta.uz» nashri.

Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev selektor yig`ilishi jarayonida Qozog`istondagi fojiada halok bo`lgan 16 nafar O`zbekiston fuqarosi istiqomat qilgan Toshloq tumani aholisiga nisbatan haqoratli so`zlarni ishlatdi. Hodisa haqida Kun.uz nashri xabar qildi.

Audioyozuvda (quyida havola qilinadi) viloyat ma`muriyati rahbari deb aytilayotgan erkak Toshloq tumani Farg`ona viloyatini butun O`zbekistonga sharmanda qilganlikda ayblaydi.

2012 yildan buyon viloyatni boshqarib kelayotgan hokim o`z yordamchisiga haj safariga boruvchilar ro`yxatidan tuman aholisini o`chirishni topshiradi.

«Toshloqdan chiqqan haromilar bor edi besh-oltita. Haromilar. Haromini haromi deyiladi. Toshloqdan birontasi hajga bormaydi. Birortasi hajga bormaydi! Haj safariga birortasi bormaydi!!! Tirigiyam bormaydi, boshqasiyam bormaydi», — dedi hokim.

Shuhrat G`aniev fojia sababli viloyat aholisiga jabrlangan oilalarga moliyaviy yordam ajratishga to`g`ri kelganini ma`lum qildi.

«Eshitib qo`yinglar, toshloqliklar! Yana bechora viloyatliklar 80 million so`m homiylik qilishga majbur bo`ldi. Har biri uchun 5 million so`mdan. Buni ta`na qilish uchun gapirayotganim yo`q», — dedi ma`muriyat rahbari.

Hokim Toshloq tumanidan yosh farzandlarining ketishiga ruxsat bergan ota-onalarni tanqid qildi.

«20 yashar, 22 yashar, uylanmagan yigitlar ketaveradimi? Ota-onasi nima deyapti, karaxtmi ular? Endi bechora uchastka noziri aybdor qilinadi. Mahalladagilar turibdi tishini kovlab», — dedi Shuhrat G`aniev.

U ertaga hajga borishni taqiqlagani va boshqalardan shikoyat qilishlari, tanqid qilishlaridan, qo`pollikda ayblashlaridan qo`rqmasligini ma`lum qildi.

Farg`ona viloyati rahbari 2005 yildagi miting haqida ham eslab o`tdi. «Miting qilgan ham shular bo`ladi, 2005 yilda ichki ishlar xodimlarini tosh otib quvlaganlar shu haromilar edi. Qaralmasa, shunaqa bo`ladi», — deydi hokim.

Shuhrat G`aniev Toshloq tuman hokimi Halimjon Umarovni keskin tanqid qilib, ishni eplay olmasa lavozimni tark etishi kerakligini aytdi.

«Padaringa la`nat, san toshloqliklarni… Hokimdan boshlab haromilar. Respublikaga butun viloyatni sharmanda qiladiganlar. Bozor ustidan yozadiganlaram Toshloqda, bozorda o`zi eshakmindi o`ynaydiganlaram Toshloqda (avvalroq O`zA tuman bozori holatini tanqid qilgan edi — tahr.)», — dedi hokim.

Toshloq tuman dehqon bozori. Foto: O`zA.

«Qo`lingdan kemasa chiqib ket hozir zaldan, hokim bo`lib o`tirmasdan. Mard bo`lsang, shunday chiqib ket-da, yo`qolib ket! Yo`qolib ket! Nomard!», — deya baqirdi hokim.

Aqto`ba viloyatidagi fojia mavzusiga qaytar ekan, Shuhrat G`aniev O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hududiy bo`limiga ishlashga otlanayotgan Farg`ona viloyati aholisini to`xtatib qolishga topshiriq beradi.

«Bularning hammasi (halok bo`lganlar — tahr.) mashinada ketgan. Poezddayam ketmagan, samolyotdayam ketmagan. Har bir bekat tekshiriladi, GAIni rahbari Rahmatjon Toshnazarov odam beradi, tekshirasizlar. Bekatda kuzatiladi, o`zi yuki ko`pligidan ma`lum bo`ladi, kim qayoqqa ketayotgani», — dedi hokim.

Farg`ona viloyati hokimiyatidan «Gazeta.uz"ga haqiqatdan ham 23 yanvar kuni yig`ilish bo`lib o`tgani tasdiqlandi. O`z ismini aytishni istamagan xodimlardan biri Shuhrat G`aniev o`z so`zlarida Toshloq tumani aholisini emas, balki rahbariyatini tanqid qilganini ma`lum qildi.

«Katta fojia bo`ldi. Shuning uchun, ko`rinib turibdiki, hokim Toshloq tumanidagi vaziyatdan juda xafa bo`lgan. U o`z so`zlarida tuman ma`muriyati «ko`zlarini ochish"ni, ularning vijdoni uyg`onib, bunday holatlar takrorlanmasligini xohlagan. Hokimni yaqindan tanigan odamlar uning toshloqliklarni qanday yaxshi ko`rishini biladi. U faqat 2005 yilda mitingda qatnashganlarni so`kdi, aniq odamlarni nazarda tutdi», — dedi suhbatdosh.

Uning so`zlariga ko`ra, hokim hajni taqiqlash haqida gapirganda ziyoratga borishni mo`ljallab turganlarga pullarni ehtiyojmandlarga ehson qilishni taklif qilishni istagan.

Hokim so`zlarini kelgusida bu kabi fojiali holatlar takrorlanmasligining oldini olishdagi urinish deb qabul qilish kerak, deya ta`kidladi hokimiyat vakili.



Boshqa yangiliklar