Tanasidan 16ta igna topilib, keyingi haftada ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo`lgan farg`onalik 11 oylik chaqaloq ayni vaqtda tirik. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi «Kun.uz»ga ma`lum qildi.
Vazirlik 24 yanvar kuni ushbu chaqaloq vafot etgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu chaqaloq bilan bog`liq vaziyat Farg`ona viloyati prokuraturasi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o`rganilmoqda.
Ayni vaqtda chaqaloqning ahvoli og`irligicha qolmoqda, shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Farg`ona viloyatida istiqomat qilayotgan yosh oilaning 11 oyli chaqalog`i tanasidan 16 dona igna topilgani xabar berilgandi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirilgan bola tezkorlik bilan jarrohlik stoliga yotqizilgan. Ignalardan 13 tasi olib tashlangan. Bu po`lat jismlar go`dak tanasida 2 oy muqaddam paydo bo`lganligi aniqlangan. Ta`kidlanishicha, barcha ignalar tanada turlicha joylashgan: ularni chaqaloqning yo`g`on ichak qismida, siydik qopi, ko`krak qafasida, bolaning bo`yin qismida, umurtqa pog`onasida, yurak ostida topilgan. Shifokorlarning fikricha, 11 oyli chaqaloq hech qachon buncha ko`p metallni yutib yuborishi mumkin emas, qolaversa, qizilo`ngach va oshqozonda hech qanday yirtiq alomati topilmagan. Birgina farazni ilgari surish mumkin, ignalar tana tashqarisidan, ongli ravishda teriga tiqilgan.
