AsosiyJamiyat

Berlindagi qochoq bolalarning o`zbek muallimi (foto)

'Berlindagi qochoq bolalarning o`zbek muallimi (foto)'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, suriyalik qochoqlar soni 5 millondan oshib ketgan. 2017 yil davomida 600 ming nafardan ziyod kishi o`z uyiga - Suriyaga qaytgan. Ularning aksariyati shu paytga qadar Turkiya, Livan, Iordaniya, Iroq singari qo`shni davlatlardan boshpana topgan.

Biroq millionlab qochoqlar hamon turli mamlakatlarda, jumladan Germaniyada ham yashamoqda. Mamlakat hukumati Suriya jangarilardan tozalanganini inobatga olib, qochoqlarni 2018 yilning o`rtalariga qadar o`z uylariga qaytarishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda Germaniyada 600 minga yaqin suriyalik qochoq istiqomat qiladi.

– Ularning aksariyatiga bir yillik boshpana olish huquqi berilgan va bu muddat tugamoqda, – deydi 2013 yildan buyon Berlin shahridagi Vindmyulenberg (Grundschule am Windmühlenberg) maktabida qochoqlarning bolalariga dars berib kelayotgan Anvar Shermatov. – Germaniya Ichki ishlar vazirligi qochoqlar reintegrasiyasi bo`yicha maxsus dastur ishlab chiqqan va kimki 2018 yilning 28 fevraligacha unda ishtirok etsa, 3 ming evro miqdorida yordam puli olishi mumkin.

Anvar Shermatov Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan. Berlin texnika universitetini bitirgan. 17 yildan buyon Germaniyada yashaydi. Oilali. Ikki nafar farzandi bor.

Anvar muallimning hikoyasi

– Germaniyadagi ko`plab maktablarda qochoqlarning farzandlari uchun maxsus sinflar (willkommensklasse) tashkil etilgan. Qoidaga ko`ra, bir sinfda ko`pi bilan 12 nafar bola o`qishi lozim. Biroq o`quvchilar soni doim belgilangan me`yordan ortiq bo`ladi. Ba`zi yillari 22 nafargacha bolaga dars berganman. Asosan Suriya, Afg`oniston, Kosovo-Albaniya va Bosniyadan kelgan bolalar.

Bir qarashda ular ham boshqa bolalarga o`xshagan bola. To`polon qiladi, chopadi, o`ynaydi. Biroq qandaydir mungli. Ayniqsa, Suriya va Afg`onistondan kelgan bolalar siniqib qolgan. Sinfimda Ibrohim ismli bola bor. Hozir 12 yoshda. To`qqiz yoshida akalari bilan Suriyadan chiqib ketgan. Juda odamovi. Ba`zan gaplashib turamiz. Biroq o`zi, oilasi haqida deyarli gapirmaydi.

Matbuotda suriyalik qochoqlarni vataniga qaytarish masalasi keskin muhokama qilinayotgan kunlarning birida Ibrohim bilan shu haqda gaplashib qoldik. “Sizlar nima qilmoqchisizlar?”, deb so`radim undan. Ibrohim bir muddat jim qoldi. Uning ko`zlari yoshga to`lgandi. “Bilmasam, ustoz. Suriyada boradigan joyimiz, boshpanamiz yo`q. Uyimiz...” Uning o`pkasi to`lib ketdi. Yarasini yangilaganimdan afsuslanib, “kechir”, degandek boshini silab qo`ydim. Hamdardligimi yoki do`stona munosabatim sababmi Ibrohim qochqinlikda o`tayotgan to`rt yillik hayoti haqida gapirib berdi.

Alloh nasib etgan bo`lsa, yana ko`rishamiz

– O`sha kuni maktabda tinchgina dars o`tayotgan edik, – hikoyasini boshladi Ibrohim. – Qattiq gumburlagan tovush eshitildi. O`qituvchimiz tezda partaning ostiga kiringlar, dedi. Cho`k tushib, boshimizni qo`limiz bilan bekitib oldik. Shu payt maktabimiz yaqinida yana bir portlash yuz berdi. Deraza oynalari sinib, bino titrab ketdi. Bu dahshatli tovushdan quloqlarimiz bitib, qattiq qo`rquvga tushib qoldik. Hammamiz o`qituvchimizga qarardik. U ham sarosimada edi, nima qilishni bilmasdi. Birozdan keyin partaning ostidan chiqdik. Ustoz oynadan tashqariga qaradiyu, “Allohga shukur, o`zi asrabdi”, dedi.

photo5427048756454467673.jpg

Sinfimda Ibrohim ismli bola bor. Hozir 12 yoshda. To`qqiz yoshida akalari bilan Suriyadan chiqib ketgan. Juda odamovi. Ba`zan gaplashib turamiz. Biroq o`zi, oilasi haqida deyarli gapirmaydi.

Rostdan ham Xudo asrab qolibdi bizni o`sha kuni. Shundoqqina maktabimiz yaqinida bomba portlagan ekan. Shu tariqa kunlar o`taverdi. Kunda, kun ora qaysidir bino raketa zarbasidan vayronaga aylanar, begunoh odamlar qurbon bo`lardi. Biz yashaydigan ko`p qavatli uyning bir qismiga raketa kelib tekkandan keyin otam Suriyada qolish juda xavfli bo`lib qolganini, tinchroq boshpana topishimiz kerakligini aytdi. Butun oilamiz bilan yo`lga otlanishimiz uchun etarli mablag`imiz yo`q edi. Shuning uchun otam katta akamga, “Ikki ukangni olib yo`lga chiq. Boshqalarga qo`shilib biror tinchroq mamlakatga ketinglar. Ishlab pul top. Ukalaringni ehtiyot qil. Alloh nasib etgan bo`lsa, ko`risharmiz”, dedi.

Akalarim bilan Suriya va Livan chegarasida tashkil qilingan qochqinlar lageriga borib, bir chodirga joylashdik. Bu erda oddiygina yashash uchun kerak bo`ladigan sharoit ham yo`q edi. Biroq sog`-salomat, raketa va bombalar yomg`iridan yiroq edik. Kichikroq chodir ostida o`ziga yarasha maktab ham tashkil qilingan edi. Qochqinlar orasidagi shifokor va o`qituvchilar lagerdagilardan yordamini ayamasdi...

Qochoqlar lageridagi og`ir sharoit va doimiy xavotir odamlarni bu erlardan yanada olisroq ketishga undardi. Evropa davlatlarida qochqinlar uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi gap-so`zlar ko`plab oilalarni mashaqqatli safarga boshlardi. Shu tariqa aka-ukalar yana yo`lga chiqdi.

– Goh mashinada, goh piyoda yurib, bir amallab Turkiyaga etib oldik, - hikoyasini davom ettirdi Ibrohim. – Bir muddat Istanbulda yashadik. Akam ish topdi. Istanbul katta shahar. Odam ko`p. Eguliklar qimmat. Bir oz pul to`plagach, o`zimizga o`xshagan muhojirlarga qo`shilib, Izmirga ko`chib o`tdik. Akam yana ish izlay boshladi. Oyoq kiyim tikadigan fabrikadan ish topildi. Men ham akalarimga qo`shilib har kuni tong sahardan ishga borar, kun botganda qaytardik. Boshida fabrika egasi bolalarni ishga olmayman, deb turib oldi. Ahvolimizni tushuntirganimizdan so`ng rozi bo`ldi. Turmushimiz bir oz yaxshilangan bo`lsa-da, og`ir ish tinkamizni quritgandi. Katta akam eyish-ichishdan qisib, pul yig`a boshladi. Evropaga ketamiz, u erda ishlamaysizlar, qorinlaring to`yib ovqatlanasiz, maktabda o`qiysiz, derdi akam...

Etarlicha mablag` yig`ilgach, Ibrohimning katta akasi Evropaga o`tib olish yo`llarini axtara boshlaydi. Ko`pchilik qochqinlar qatori ular ham eng xatarli yo`lni tanlashadi - rezina qayiqda dengiz orqali Gresiyaga bormoqchi bo`lishadi.

Toptalgan bolalik

– Yarim tunda bizni avtobus bilan qaergadir olib borishdi, – davom etdi Ibrohim. – Yo`lga tushishimizdan avval Gresiya sohillariga yaqinlashgach, rezina qayiqni teshishimiz kerakligini, shunda qutqaruv kemasi kelib bizni olib ketishini, shunday qilsak qochoq sifatida qabul qilinishimiz oson kechishini aytishdi.

photo5427048756454467674.jpg

Ibrohim akalari bilan Germaniyaga kelib, qochqinlar yotoqxonasiga joylashganidan so`ng ko`p o`tmay vatanidan xunuk xabar keldi. Oilasi yashagan uyga bomba tushgan, otasi halok bo`lgan,
onasi va opa-singillari og`ir yaralangan edi.

Qayiqda odam shunchalik ko`p ediki oyoq bosgani joy topilmasdi. Ayrimlar bir-birini telefonda suratga olib, internetga joylar, kema cho`kib ketsa, taqdiri qanday tugaganini boshqalarga bildirish uchun nimalarnidir yozardi. Qirg`oq ko`ringach, qayig`imiz puchaya boshladi, biroz vaqtdan so`ng hammamiz suv betida qalqib turar edik (Izmirda qutqaruv jiletini nima uchun sotib olganligimizni o`shanda tushundim). Dunyo ko`zimga qorong`u bo`lib ketdi. Hayotimiz shu erda yakun topadigandek edi nazarimda. Har gal yuzimga to`lqin kelib urilganida suv yutib qolar, hozir cho`kib ketaman, deb o`ylardim. Kattalar bizni yupatar, bir-birimizni qo`yib yubormaslikni tayinlardi. Biroq to`lqin bizni po`kakdek otib o`ynar, suv betidagi xasdek turli tomonga tarqab ketardik. Nihoyat qutaruv kemasi ko`rindi. Shu tariqa Gresiyaga etib keldik. Alloh bizni yana asradi, chunki biz bilan birga qayiqqa chiqqanlarning hammasi ham qirg`oqqacha eson-omon etib ololgani yo`q.

Ibrohim akalari bilan Germaniyaga kelib, qochqinlar yotoqxonasiga joylashganidan so`ng ko`p o`tmay vatanidan xunuk xabar keldi. Oilasi yashagan uyga bomba tushgan, otasi halok bo`lgan, onasi va opa-singillari og`ir yaralangan edi.

Ibrohim tinch va osuda yurtda yashashga, bolalik baxtidan lazzatlanishga, o`z vatanida bilim olishga haqli ediku, deb o`ylayman. Afsuski, uning bolaligi allaqachon so`ngan. Mungli nigohlariga dosh berish qiyin. Ko`zlaridagi og`riqli savollarga javob topa olmayman. Yuzlab begunoh bolalar, norasida go`daklar umriga zomin bo`lgan, millionlab insonlarning oromini buzgan, minglab oilalarni sarson-sargardon,shaharlarni vayron, katta bir mamlakatni parokanda qilgan bu urushni ochgan olchoqlarni, panada turib ularni gijgijlaganlarni, qo`llaganlarni la`natlayman, xolos. Mening qo`limdan keladigani – shu: Ibrohim singari bolalarga bilim beraman. Ularning qalbida kelajakka, odamlarga ishonch uyg`otishga harakat qilaman. Ba`zan, Vatanim – O`zbekiston haqida so`zlayman ularga.

"O`zbek ekanimdan, O`zbekiston farzandi ekanimdan faxrlanib ketdim!”

Qizimning maktabida bolalarga bir hujjatli film namoyish etishibdi. Film qahramonlardan biri o`zini “Men O`zbekistonlikman!” deb tanishtiribdi. Shu payti sinfdoshlari birdaniga qizimga qarashibdi. O`zbekistonlik yigit musobaqada birinchi o`rinni egallabdi. Vatanimiz bayrog`i baland ko`tarilibdi. Sinfdagi barcha bolalar o`rnidan turib, qizimni olqishlashibdi. “Dada, yig`lab yuboray dedim. Xuddi musobaqada birinchi o`rinni qo`lga kiritgandek his qildim o`zimni. O`zbek ekanimdan, O`zbekiston farzandi ekanimdan faxrlanib ketdim!” dedi u to`lqinlanib gapirib berarkan.

Qizim Germaniyada tug`ilgan. Yilda bir oygagina O`zbekistonda yashasa-da, Vatanini jonidan ortiq sevadi. Samarqand, qishlog`imiz, qavmu qarindoshlar haqida sog`inch bilan gapiradi. Uning ko`zlaridagi mehrni ko`rib, quvonib ketaman. O`zbekistondek tinch, osuda, jannatmonand yurt bergani uchun Yaratganga shukronalar aytaman.

Vohid Luqmonov yozib oldi.


    Boshqa yangiliklar