AsosiyJamiyat

Maktablarda endi o`quvchilarning o`zi kitobxonlikni targ`ib qiladi

'Maktablarda endi o`quvchilarning o`zi kitobxonlikni targ`ib qiladi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan o`quvchilar orasida kitobxonlikni targ`ib qilish maqsadida yangi loyiha boshlandi.

Unga ko`ra umumta`lim maktablarida “Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi” nominasiyasi joriy etilib, u tengdoshlari orasida kitobxonlikni targ`ib qiladi.

Maktabning “Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi”si ta`lim muassasasining 7-10 sinf o`quvchilari orasidan ochiq ovoz berish yo`li bilan tanlab olinadi va u maktab kutubxonachisi va etakchisi bilan birgalikda o`z faoliyatini olib boradi.

“Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi” uchun maktab kutubxonasida alohida joy ajratib beriladi, u “Kitobxonlar klubi” ni tashkil etadi va yuritadi. Qolaversa, o`quvchilar orasida kitob mutolaasiga nisbatan mehr uyg`otish va uni rag`batlantirish maqsadida maktab ma`muriyati yordamida turli ma`rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, aksiya va tanlovlar o`tkazadi.

Shuningdek, “Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi” kitobxonlik targ`ibotiga munosib hissa qo`shgan va o`rnak ko`rsatgan faol kitobxon o`quvchi va o`qituvichlarni moddiy va ma`naviy rag`batlantirish uchun ta`lim muassasasi rahbariyatiga tavsiya qiladi, mavjud muammolarni hal qilish bo`yicha tavsiyalar beradi. Vazirlik tomonidan tizimdagi barcha ta`lim muassasalari rahbarlariga “Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi”larga yaqindan yordam ko`rsatish va shaxsiy namuna ko`rsatish qat`iy tavsiya etilgan.

O`quv yili yakunida respublika miqyosida eng faol kitobxon trag`ibotchilar aniqlanib, taqdirlanadi hamda tegishli tashkilotlarga taqdirlash uchun tavsiya qilanadi.

Shu o`rinda, vazirlik keng jamoatchilikdan kitobxonlik targ`ibotida faol ishtirok etishni va farzandlari ta`lim oladigan maktablarda bu jarayonlarning tashkil etilishini kuzatib borish hamda kitob mutolaasida shaxsiy namuna ko`rsatishni so`rab qoladi.

Quyida “Targ`ibotchi kitobxon o`quvchi” nominasiyasini tashkil etish tartibi bilan tanishishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar