Munojatxon Temirova yoshligidan harbiy shifokor bo`lish istagida. Harbiylar oilasida ulg`aygani uning mazkur sohaga ishtiyoqini oshirsa, orzulari shifokorlik tomon etaklaydi. Hozir u Toshkent pediatriya tibbiyot institutida tahsil olmoqda.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida tashkil etilgan tadbir Munojatxon kabi kelgusida mehnat faoliyatini ichki ishlar tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida davom ettirish istagidagi yoshlarni sohaga jalb etishga bag`ishlandi.
Tadbirda sohadagi mavjud bo`sh ish o`rinlari haqida ma`lumot berildi.
Ichki ishlar vazirligi tibbiyot boshqarmalarida shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ichki ishlar idoralari xodimlari uy-joy bilan taminlanmoqda. Ijarada turganlarga ijara to`lovlari, mutaxassisliklar bo`yicha malaka oshirish to`lovlari to`lab berilmoqda.
Bundan tashqari, reja asosida shifokorlarning kasb malakasini oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Ichki ishlar tizimiga ishga kirish istagida bo`lgan yoshlar uchun maxsus talablarimiz bor, – deydi Ichki ishlar vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi mas`ul xodimi N.Haqberdiev. – O`zbekiston fuqarosi bo`lgan, tegishli mutaxassislik diplomiga ega yoshlar ikki bosqichdan iborat sinovdan o`tadi. Bunda suhbat, harbiy-tibbiy ko`rik kabi sinovlar topshiriladi.
IIV tizimida ishlash istagidagi yoshlar uchun ma`lumot o`rnida aytish lozimki, hozir tizimdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov, davolash-profilaktika yo`nalishlarida, shuningdek, patrul-post xizmati, qo`riqlash bo`linmalarida bo`sh ish o`rinlari mavjud.