AsosiyJamiyat

60 yoshli giyohvandfurush yana qora kursida

'60 yoshli giyohvandfurush yana qora kursida'ning rasmi

Giyohvandlik qanday oqibatlarga olib kelishini u yaxshi bilardi...

U deganimiz – Buxoro viloyati Qorovulbozor shahridagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi Rejabali Jumartov (ismi-sharifi o`zgatirilgan) bo`ladi. Lekin uning uchun giyohvandlik turgan-bitgani kasofat ekanining qizig`i yo`q, deb yozadi O`zA.

Uning uchun eng muhimi, giyohvandfurushlik orqali pul topish. Aytish joizki, u mazkur jinoyat, ya`ni «zahri qotil» oldi-sotdisi bilan shug`ullangan va o`zi ham iste`mol qilgan hamda O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-, 226- va 276-moddalari bilan muqaddam sudlangan edi. Tabiiyki, ancha vaqt, aniqrog`ri 23 yil oila quvonchi va halovatidan benasib bo`lgan.

Afsuski, bundan xulosa chiqarmabdi. Yaqinda Rejabali Jumartov qorovulbozorlik 28 yoshli S.Sh.ga bir dona gugurt qutisiga qadoqlab solingan 4,18 gramm “Marixuana” giyohvandlik vositasini 150 ming so`mga pullayotganda tuman IIB jinoyat-qidiruv bo`limi xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo`lga olindi.

Darvoqe, kimgadir, bu vazndagi «zahri qotil» arzimasdek tuyular. Aslida bunday emas. Shifokor-narkolog mutaxassislarning ta`kidlashicha, har qanday giyohvandlik vositasi, jumladan, «Marixuana»ning eng oz miqdori ham iste`mol qilinganda odamning ruhiyatida keskin o`zgarish bo`ladi. Buning ustiga organizmning «zahri qotil»ga moyilligi kuchayadi. Giyohvand o`z xatti-harakatini boshqara olmaydi, idrok qobiliyati yo`qoladi. Og`uga mute`lik ta`sirida nafsini qondirmaguncha turolmaydi, bu yorug` dunyo, oilasi ko`ziga ko`rinmaydi. Pul topmagach, xonadondagi narsalarni yashirincha sotadi, oila barbod bo`ladi... Irsiyat ham zavol ko`radi.

Nevaralari qurshovida, davralar to`rida o`tirishi mumkin bo`lgan 60 yoshli bu kimsa yana qora kursida o`tiradigan bo`ldi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar