AsosiyJamiyat

Milliy pasport o`rnini ID-kartalar egallab, xorijga chiqish pasporti joriy etiladi

'Milliy pasport o`rnini ID-kartalar egallab, xorijga chiqish pasporti joriy etiladi'ning rasmi

O`zbekistonda amalda bo`lgan biometrik pasportlar chet el pasportlari deb tan olinmaydi. Xorijga chiqish uchun alohida pasportlar beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To`raxo`jaev «Gazeta.uz» nashriga ma`lum qildi.

Markaz direktori mamlakatning deyarli butun aholisiga berib bo`lingan joriy pasportlar chet el pasportlari deb e`tirof etila olmasligi sabablarini tushuntirdi.

«Chet elga chiqish hujjatini rasmiylashtirish tartibi ichki pasportni rasmiylashtirish tartibidan farq qiladi», — dedi u. Bundan tashqari, chet el pasporti ham tuzilishi, ham sahifalari soni bo`yicha farqlanadi.

Ichki pasportga barcha fuqarolar ega bo`lishi kerak, bunda ularning xorijga chiqishi borasidagi cheklovlar, shu jumladan, tergov ishlariga bog`liq cheklovlar nazarga olinmaydi, dedi Najmiddin To`raxo`jaev.

Chet elga chiqish pasportlari har bir davlat xavfsizligi uchun zarur, chunki davlat chetga chiqayotgan har bir fuqaro uchun javobgardir. Bu Xalqaro fuqarolik aviasiyasi tashkiloti talablarida ham ko`zda tutilgan. «Shunga o`xshash jiddiy nyuanslar ko`p», — deya ta`kidladi Davlat personallashtirish markazi rahbari.

ID-kartalar joriy qilinishi haqida gapirar ekan, Najmiddin To`raxo`jaev 20 martgacha identifikasiya kartalarini bosqichma-bosqich kiritishni ko`zda tutuvchi huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilishini aytdi.

«Biz ID-kartalar joriy etilishini to`liq qo`llab-quvvatlaymiz, ular foydalanish uchun qulay. Ammo tegishli infratuzilmani yaratish uchun biroz vaqt kerak, texnologik jarayonlarni hisobga olish kerak», — deya aniqlik kiritdi u.

Adliya vazirining birinchi o`rinbosari Nodirjon Jo`raev ID-kartalar bosqichma-bosqich tarzda joriy pasportlar o`rnini egallashini tasdiqladi. Pasportlar muddati tugab borishi bilan fuqarolarga identifikasiya kartalari shaxsni tasdiqlovchi rasmiy hujjat sifatida beriladi.

Eslatib o`tamiz, avvalroq O`zbekiston ichida yashash va harakatlanish uchun shaxsni tasdiqlovchi identifikasion kartalar (ID-karta) joriy etish ko`zlanayotgani xabar berilgan edi. Bu haqdagi Prezident farmoni loyihasi aprel oyining oxiriga qadar tayyorlanishi lozim, yangi tartib esa 1 iyuldan joriy etiladi.

2017–2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirish bo`yicha harakatlar dasturida chet elga chiqish pasportlarining joriy etilishi hamda chet elga chiqish uchun ikki yillik stikerning bekor qilinishi ko`zda tutilgan edi.

Avgust oyida, idoralararo ishchi guruh tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqilgach, Prezident 2019 yil 1 avgustdan chet elga chiqish uchun biometrik pasport joriy etilishini belgiladi. Amaldagi pasportlar faqat mamlakat ichida qo`llanilishi ko`zlangan edi.

    Boshqa yangiliklar