Tibbiyotda to`g`ri qo`llanilgan dori-darmonlar odamlarning tuzalmas ko`ringan dardlariga ham davo bo`la olishi isbotlangan. Shu bois, bu soha davlat muhofazasiga olinib, tegishli qaror va farmonlar bilan nazorat qilinadi.
Ammo shunday dori vositalari ham borki, ular bemor ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatib, ahvolini yanada og`irlashtiradi.
Shifokor reseptisiz berilmaydigan bunday mahsulotlarni noqonuniy sotib, pul topishga urinayotganlarning qilmishlari fosh etildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari Milliy xavfsizlik xizmati hamda davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida muqaddam aylanma yo`llar orqali olib kirilgan, inson asab tizimiga kuchli ta`sir qiluvchi “Tramadol” va “Lirika” dori vositalarining oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchi shaxslarning faoliyatiga chek qo`yishdi. Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi avtoturargohlarning birida fuqaro D. Ahmedov (materialdagi barcha ism-shariflar o`zgatirilgan) 300 ta konvalyutadagi, jami 3000 dona “Tramadol” dori vositasini 5 mln. 700 ming so`m evaziga noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda qo`lga olindi.
Shuningdek, Uchtepa tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqaro J. Niyozov 288 dona “Lirika” dori vositasini 4 mln. so`mga pullamoqchi bo`lgan paytda qo`lga tushdi.
Ushbu holatlar bo`yicha huquqbuzarlarga nisbatan xolislar ishtirokida tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tadbir davomida aniqlangan “Tramadol” va “Lirika” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yildi.
Hozir tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.