AsosiyJamiyat

Ichki ishlar vazirligi ob-havoning keskin sovishi munosabati bilan aholiga murojaatnoma yo`lladi

'Ichki ishlar vazirligi ob-havoning keskin sovishi munosabati bilan aholiga murojaatnoma yo`lladi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirligi yong`in xavfsizligi bosh boshqarmasi ob-havoning keskin sovishi munosabati bilan respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga murojaatnoma yo`lladi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«O`zgidromet xabariga ko`ra, 2018 yilning 27—29 yanvar kunlari O`zbekiston hududiga shimoliy Qozog`iston orqali G`arbiy Sibirda shakllangan juda sovuq havo massasining kirib kelishi kutilmoqda», — deyiladi murojaatnomada.

Aziz hamyurtlar!

Ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida gaz hamda elektr isitish moslamalaridan foydalanishga bo`lgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda ayrim fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida ko`ngilsiz hodisalar sodir bo`lishi mumkin.

Ularning oldini olish maqsadida gaz va elektr uskunalardan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong`in xavfsizligi talablariga rioya qilishingizni so`raymiz.

- qo`lbola hamda nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanmang;

- isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo`riqnomasi talablariga rioya qiling;

- isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyum va oson alangalanuvchi mahsulotlarni saqlamang;

- gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling;

- mabodo gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko`ring va bu haqda gaz xizmatiga xabar bering;

- isitish pechlari va ularning mo`rilarining sozligiga e`tibor bering.

Ushbu qoidalarga rioya etish bilan siz o`zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni yong`indan asrab qolgan bo`lasiz.

Ichki ishlar vazirligi yong`in xavfsizligi bosh boshqarmasi

    Boshqa yangiliklar