AsosiyJamiyat

Prezident tashrifidan so`ng Qashqadaryoda qisqa muddatda ko`plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi

'Prezident tashrifidan so`ng Qashqadaryoda qisqa muddatda ko`plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida ko`plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi, deb yozadi O`zA.

O`tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyat aholisi hayotining har bir kuni yangiliklarga boy bo`ldi. Barcha sohalarda aholi farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko`zda tutuvchi ko`plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi, oshirilmoqda. Bu esa minglab ish o`rinlari yaratish imkonini berayotir.

2.jpg

Viloyatda 2017 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 17 trillion 366 milliard so`mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 3,1 foiz o`sishga erishildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,4, kapital qo`yilmalar hajmi 23,5, pudrat ishlari 4, qishloq ho`jalik mahsulotlari etishtirish 8, bozor xizmatlari 4,2 va chakana savdo aylanmasi 2 foiz o`sishi ta`minlandi.

Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 53,3, xizmatlar ulushi 34,6 foizni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida 71 ming 706 yangi ish o`rni yaratildi.

4.jpg

Viloyatni “2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” dasturiga muvofiq, 2017 yilda qiymati 2 trillion 193 milliard so`mlik 2 ming 711, jumladan, sanoatda 776 ta, xizmat ko`rsatishda 1 ming 115 ta va qishloq xo`jaligi yo`nalishida 820 ta loyiha amalga oshirildi.

Prezidentimiz o`tgan yilgi tashrifi doirasida Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qarshi leather” O`zbekiston – Isroil – Xitoy qo`shma korxonasi loyihasi bilan tanishib, qo`shma korxona ta`sischilari va xorijlik investorlar bilan uchrashgan, ishlab chiqarishni samarali tashkil etish, tashqi bozorni o`rganish va eksport geografiyasini muntazam kengaytirib borish bo`yicha tavsiyalar berdi.

6.jpg

Ayni paytda korxonada nooziq-ovqat sanoatining muhim xomashyosi sanalgan, jahon bozorida xaridorgir bo`lgan tayyor charm ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Ushbu loyiha yuqori istiqbolga ega ekanini alohida ta`kidlash zarur. Boisi, chorvachilik viloyat qishloq xo`jaligining etakchi tarmog`i sanaladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, hududda yiliga o`rtacha 1 million 200 ming donadan ortiq teri yig`ib olish imkoniyati mavjud. Ya`ni resurs serob. Biroq bu qimmatbaho xomashyoni qayta ishlash yo`lga qo`yilmagan edi. Zamonaviy “Qarshi leather” korxonasi ishga tushirilishi bilan bu muammo o`z echimini topdi.

1.jpg

– Umumiy qiymati 14,5 million AQSh dollariga teng ushbu loyihani 3 bosqichda amalga oshirish mo`ljallangan, – deydi qo`shma korxona ijrochi direktori Farhod Panjiev. – Avvaliga terini qayta ishlab, charm tayyorlashni yo`lga qo`yamiz. Korxonamizda yiliga 750 ming yirik va 900 ming mayda mol terisiga ishlov beriladi. Undan 250 million kvadrat desimetr charm olinadi. Bunda Xitoy texnologiyasidan foydalaniladi. Keyingi bosqichda charmni bo`yash sexi ishga tushiriladi. Nihoyat poyabzal, charm-attorlik buyumlari kabi bir necha turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishiladi. Natijada korxonada 300 dan ortiq ish o`rni yaratiladi.

Aytish joizki, yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, chet el investorlarining huquq va manfaatlari to`liq kafolatlangani mamlakatimiz iqtisodiyotining etakchi yo`nalishlariga sarmoya kiritish istagida bo`lgan xorijlik sarmoyadorlar safi kengayishiga xizmat qilmoqda. Ular hech bir ikkilanishsiz muhim loyihalarni hayotga tatbiq etishda bevosita ishtirok etmoqda. Isroillik va xitoylik sarmoyadorlar tomonidan “Qarshi leather” qo`shma korxonasida terini qayta ishlab, tayyor charm va charm mahsulotlari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish maqsadida qariyb 10 million dollar miqdorida investisiya yo`naltirilgani fikrimiz tasdig`idir.

10.jpg

– Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni jalb etmay turib, mahsulotning raqobatbardoshligi va eksportbopligini ta`minlab bo`lmaydi, – deydi xitoylik texnolog Vang Min. – Barcha jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda bo`lgani kabi O`zbekistonda ham bu jihatga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Umumiy maydoni 4,52 gektar bo`lgan ushbu korxona hududida barpo etilgan ishlab chiqarish sexlari ham energiyatejamkor va yuqori samarali uskunalar bilan jihozlanayotgani bunga yorqin misoldir. Mazkur dastgohlar dunyoning nomdor firmalari tomonidan ishlab chiqarilgan. E`tiborlisi, sexlarda barcha jarayonlar kompyuterlashtirilgan. Tabiiyki, bunday yuksak texnologiyalar bilan ishlash uchun malakali kadrlar talab etiladi. Shu maqsadda kelgusida korxona ishchilaridan bir guruhini xorijga o`qishga jo`natish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog`i hududida barpo etiladigan yangi istirohat bog`i loyihasi bilan tanishib, bu erga tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish, yashil maysazorlarni ko`paytirish, turfa gul va manzarali daraxtlar ekish bo`yicha zarur ko`rsatmalar bergan edi.

Ushbu bog`ning barpo etilishi uchun loyiha tashabbuskori – “Asinza-BZ” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga hududdan 5 gektar er maydoni ajratib berildi. Qisqa muddatda bu erda keng ko`lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Xitoyning “Zhengzhou Beston Amusement Equipment Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 29 ta zamonaviy attraksion keltirib o`rnatildi. Ayni paytda murakkab konstruksiyaga ega yana bir nechta zamonaviy attraksionlar keltirish mo`ljallangan.

– Albatta, bu erga tashrif buyurgan kishi barcha charchoqlarni unutib, tom ma`noda madaniy hordiq chiqarishi, kayfiyati ko`tarilishi uchun attraksionlarning o`zi etarli bo`lmaydi, – deydi yangi istirohat bog`i direktori Alisher Anvarov. – Bog`, avvalo, kishiga estetik zavq bag`ishlashi, tasavvurini yanada boyitishi lozim. Loyihani amalga oshirishda ana shu jihatga ham alohida e`tibor qaratildi. Buning uchun bog`ning umumiy ko`rinishini yaxlit kompozisiya asosida yaratishga harakat qilindi. Attraksionlar bilan birga 12 xil ko`rinishdagi maydonchalar, zinalar, kichik binolar qurildi. Afsonaviy ertak qahramonlari haykallari aks ettirildi. Turfa gul va manzarali daraxt nihollari ekilmoqda.

Darhaqiqat, bog`ning barpo etilishiga ijodkorona yondashilgani bu erga kelishingizdanoq seziladi. Xalq amaliy san`ati namunalariga tayanib yaratilgan darvoza va uning ikki ustuni tepasiga o`rnatilgan farishta timsoli bo`lgan oq libosli qiz hamda orzu-umidlar timsoli – qanotini yoygancha parvozga shaylanayotgan oppoq uchqur ot kishini haqiqiy mo``jizalar makoniga chorlayotgandek bo`ladi. Dastlab, sizni buyuk ajdodimiz – boburiy shahzoda Shoh Jahon tomonidan Hindistonning Agra shahrida barpo etilgan va dunyoning etti mo``jizasidan biri “Toj mahal” me`moriy yodgorligi qarshi oladi. Uning yonida esa shahd bilan qadam tashlayotgan fil haykali. “Kichik Toj mahal” devoriga yozilgan bitik ham ko`pchilikning e`tiborini tortadi. Unda Hindistondagi ushbu obidaning barpo etilishi, uning o`ziga xos jihatlari, qurilishda ishtirok etgan buxorolik ustalar haqida ma`lumotlar keltirilgan.

– Bog` hududidagi ko`kalamzorlashtirish ishlari xo`jaligimiz tomonidan amalga oshirildi, – deydi Koson tumanidagi “Saidov Aral” dehqon xo`jaligi rahbari Aral Saidov. – Istirohat bog`i o`z nomi bilan odamlar sayr qiladigan, maroqli hordiq chiqaradigan bahavo go`sha bo`lishi lozim. Bog`ni ko`kalamzorlashtirishda ana shu jihatlarga alohida e`tibor qaratildi. Bog` hududidagi yashil maysalar kayfiyatingizni ko`tarsa, yo`laklar girdiga ekilgan turli mavsumiy va ko`p yillik manzarali gul va daraxtlar ifori dilingizni yayratadi.

Albatta, bu ishlarning barchasi avvalo, boqqa keluvchilarning maroqli dam olishiga qaratilgan. Tashrif buyuruvchilar tekis va chiroyli yo`laklar bo`ylab bog` hududini aylanishi, zamonaviy musiqali favvoralar atrofida o`tirib hordiq chiqarishi, atrofdagi go`zallikdan bahra olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Yana bir muhim jihati, attraksionlarni o`rnatishda bu erga keluvchilarning turli yoshda bo`lishi ham inobatga olingan. Masalan, 40 metrdan ziyod balandlikka ko`tarilib, havoda aylanadigan arg`imchoq asosan 14 yoshdan kattalarga mo`ljallangan, 30 metr balandlikka ko`tariladigan charxpalakka barcha yoshdagi kishilar chiqib, shahar manzarasini tepadan tomosha qilishi mumkin.

Qorabayir zotli otlar mustahkam gavda tuzilishiga ega. Qorabayir otlarining xulqi yuvosh va serharakat, bizning yaylov sharoitimizga yaxshi moslashgan. Bu zotli otlarda asosan to`riq, jiyron, ko`k, qora tuslar ko`p uchraydi. Ana shu tarixiy otlarning dovrug`ini tiklash, ayniqsa, zotdor qorabayir otlarini ko`paytirish, shu asosda yurtimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

O`sha tashrif chog`ida Prezidentimiz Yakkabog` tumanida tashkil etiladigan qorabayir yilqichilik majmuasi loyihasi bilan ham tanishib, tegishli ko`rsatmalar bergan edi. Bugungi kunda majmuada 200 dan ortiq zotdor otlar parvarishlanmoqda.

– Bizdagi otlarning aksariyati qorabayir zotiga mansubdir, – deydi “Yakkabog` Qorabayiri” mas`uliyati cheklangan jamiyati raisi Mahmatqul Qudratov. – Ularni mahalliy otlar orasidan saralab olganmiz. Masalan, ba`zi otlar chopqirligi bilan ajralib turadi. Bunday otlar poyga musobaqalarida tengsiz hisoblanadi. Uloqchi otlar esa chopqirlik bilan birga, kuchlilik, chidamlilik, to`dani yorib kira olish fazilatlariga ham ega bo`lishi lozim. Ot sportining boshqa turlari bo`yicha ham otlar alohida sifatlariga qarab tanlab olingan. Otlardagi bu jihatlarni yanada o`stirish, ularning imkoniyatlarini oshirish uchun doimiy tarbiya, e`tibor zarur. Bu katta mehnat, mashaqqat talab etadi. Xo`jalikda naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko`paytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ma`lumki, Qashqadaryo vohasi azaldan o`zining milliy o`yinlari, xususan, uloq-ko`pkarisi bilan mashhur. Bu erdan etishib chiqqan qanchadan-qancha polvonlarning dovrug`i nafaqat yurtimiz, balki qo`shni mamlakatlarga ham yoyilgan. Viloyatimiz chopog`onlari ot tanlash, uni parvarishlash bobida ham o`z maktabiga ega. Shunday otlarimiz borki, ularni mamlakatimizning barcha hududlarida bilishadi, bu otlar ishtirok etadigan ko`pkariga tomoshabin yopirilib keladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 15 iyundagi “O`zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal bo`layotir.

Ushbu hujjatda mamlakatimizda zotdor otlarni ko`paytirish, ot sportini rivojlantirishga "O`zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati va Qashqadaryo viloyati hokimligining Qorabayir zotli otlarni ko`paytirish va parvarishlash bo`yicha zamonaviy talablarga javob beradigan majmuasini qurish va 2018 yil 1 yanvariga qadar foydalanishga topshirish belgilangan edi.

Zotdor otlarni boqish, tarbiyalash va ot sporti musobaqalarini o`tkazishga mo`ljallangan ushbu yirik majmua Yakkabog` tumanida barpo etildi. Loyihaga ko`ra, 5,7 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada turli musobaqalar o`tkazish mumkin. Xususan, ot sporti musobaqalarini o`tkazishga mo`ljallab barpo etilgan ikkita ochiq va yopiq maydon qishin-yozin birdek musobaqalar o`tkazish, mashg`ulotlar olib borish imkonini beradi.

O`yingohlar yonida esa har biriga 50 tadan ot sig`adigan 4 otxona barpo etildi. Ularda 100 sport oti parvarishlansa, yana 100 bosh yosh ot doimiy ravishda tarbiyalanib, kelgusi sport musobaqalariga tayyorlab boriladi. Shuningdek, bu erda doimiy sport musobaqalari o`tkazilishi, xorijiy davlatlardan ham sportchilar, mehmonlar tashrif buyurishi inobatga olinib, majmua atrofini obodonlashtirish, yangi uy-joylar, maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar barpo etish ko`zda tutilgan.

Muxtasar aytganda, Prezidentimizning 2017 yilgi tashrifidan buyon o`tgan qisqa vaqtda viloyatda amalga oshirilgan ishlar, ro`y bergan o`zgarishlar va amaliyotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, xalqimiz turmushining yanada farovon bo`lishiga xizmat qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar