Pop tumanidagi sobiq «Uzruberoid» mas`uliyati cheklangan jamiyati negizida tashkil etilgan kichik sanoat hududida dastlabki loyihani amalga oshirishga kirishildi. Bu erda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda sement zavodi qurilmoqda, deb xabar beradi«Xalq so`zi».
«Popsement» qo`shma korxonasi ishga tushishi bilan mahalliy xom ashyodan yiliga 500 ming tonnagacha sifatli qurilish ashyosi tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi. Buning uchun 54 million dollar sarmoya yo`naltirilmoqda.
Biznes-rejaga muvofiq, loyihani joriy sentyabr oyida nihoyasiga etkazish ko`zda tutilgan. Shunda bu erda 300 kishining bandligi ta`minlanadi.
— Ayni paytda binokorlarimizning sementga bo`lgan ehtiyoji asosan boshqa viloyatlardan keltiriladigan mahsulot hisobiga qoplanmoqda, — deydi viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Farhod Madrahimov. — Yaqin vaqt ichida ijrosini topadigan uch loyiha sharofati bilan yiliga 1,2 million tonnadan ko`proq qurilish xom ashyosini Namanganning o`zida ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. Bu sement ta`minotidagi muammolar echimini topishidan tashqari joylarda 400 ga yaqin yangi ish o`rinlari yaratiladi, degani.






