Ijtimoiy tarmoqlardagi Farg`ona viloyati hokimi to`g`risidagi shov-shuvlarni va unga taniqli jurnalistlarning ham qimmatli vaqtlarini sarflab imlo xatolariga ham e`tibor bermay, yozganlarini o`qib, o`zbek xalqining sevimli asari “O`tgan kunlar”dagi holat yodimga tushdi: Otabek o`z otasi Yusufbek xojini bilib-bilmay ayblagandagi so`zlariga bergan javobi: “Har narsaga etgan aqling shunga qolganda oqsaydur. Nega yong`an yuragimga sen ham zahar sochasan….”
Men bu fikrlarni avvalo viloyatning oddiy fuqarosi va fikrlarimni o`qib bo`lib, oxirida bunga ko`nmaydiganlar uchun esa viloyat hokimligining matbuot kotibi sifatida ham bildirmoqdaman.
… 2018 yil 18 yanvar kungi Qozog`iston Respublikasining Aqto`be viloyatidagi fojea butun xalqimizni, musulmonlarni, barcha do`stlarni, ko`pchilikni kattiq qayg`uga soldi. Oddiy insondan tortib mutasaddi rahbarlargacha, fojeadan xabardor bo`lgan har bir odam o`z dunyoqarashi bilan, ta`bir joiz bo`lsa ilmi bilan unga o`z munosabatini bildirdi, o`ziga yarasha xulosalar chiqara boshladi.
Bu voqeaning yuz berishiga oid turli sabablar haqida ham hammada turli xil fikrlar bo`ldi. Aksariyatimiz albatta, taqdiri ilohiy degan muqaddas e`tiqodimizga tayanib tasallini shundan topdik. Zero, hech bir Allohning sinovi behikmat emasligiga haqiqiy musulmonlarning iymonlari komil.
23 yanvar, seshanba kuni tongda Namangan xalqaro aeroportiga Aqto`beda halok bo`lganlarning tobuti ortilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi samolyoti kelib qo`ndi. Samolyotda fojea qurboni bo`lgan 31 nafari Namangan, 16 nafari Farg`ona va 2 nafari Andijon viloyati fuqarolarining jasadlari keltirildi. Aeroportda uch viloyat hokimlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari hozir bo`ldi. U erdan nari tobutlar viloyatlarga olib ketildi. Shu kuni janoza namozlari o`qildi…
Yuqorida hamma o`ziga yarasha xulosalar chiqara boshladi dedik. Lekin xulosa chiqarib hamma ham o`zini to`g`ri isloh qilishni boshladimi? Aytaylik, kimdir oddiy mo``min banda sifatida ba`zi ma`siyatlariga astoydil tavba qilib bir kun kelib hayotdan ko`z yumishini va bu ma`siyatlariga javob berishini o`ylab, buni qaytarmaslikka ahd qildimi? Yoki mas`ul rahbar bo`ladimi, mutaxassismi, o`qituvchimi, iqtisodchimi, har bir davlat xizmatchisi davlatimiz rahbariga o`xshab o`zini aybdor his qila oldimi, aybdor his qilgan bo`lsa ham biron bir o`zgarish qilishga, qat`iy bir qaror qabul qilib, biron bir ish qilishga kirishdimi? “Har bir davlat xizmatchisi har kuni o`zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart” degan qoidani o`ziga to`g`ri qabul qildimi? Hammaning bunga beradigan javobi avvalo o`z vijdoniga havola.
Men bir narsani aniq ayta olamanki, Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev Toshloqlik ushbu fojea qurbonlariga o`z farzandiga, o`z jigariga kuygandek qattik alamda, o`zini ham aybdor his qilayotgani aniq!
Shu bilan birga yig`ilishda aytgan hamma fikrlari aslo xalqini mensimaslik, Toshloq ahlini yomon ko`rish ham emas. Mutlaqo aksincha, nima qilib bo`lsa ham shunday holat, shunga o`xshash holat yana takrorlanmasligi uchun hammani hushyor bo`lishga chaqirish, mas`uliyatni eng katta darajaga oshirish, o`zini ham ayab o`tirmay jon kuydirayotgani bu! Ko`pxotinlik qilayotgan, xotinlarini qo`yvorib, bolalarni tirik etim qilib, alimentini to`lamayotganlarni, yoki bo`lmasa, ichki ishlar hodimlarini nohaq bo`la turib toshbo`ron qilganlarni qaysi birining haqqiga kim iliq gap ayta oladi o`zi!!! Bu erliklarning Xajga borishni taqiqlayotgani sababi ortida nima maqsad borligini, “undan ko`ra chetga chiqib ketishga majbur bo`layotgan muhtojlarga ber shu pulingni” demoqchi bo`lyapti deb tushunib etganlar ham bormi o`zi?
Viloyat hokimi achchiq so`zlar deb haqiqatan ham butun Toshloq ahlini aytayotganiga ishonchingiz komilmi o`zi? Nahotki inson butun boshli vatandoshlarini shunchalik yomon ko`rib, o`zining butun xalqini haqorat qilishi mumkin deb o`ylaymiz…
Yo`q. Bu erda gap faqat va fakat o`z vazifasiga noloyiq, o`z burchini talab qilinayotgan darajada bajarmay, egallab turgan mansabini, olayotgan maoshini oqlay olmayotganlar haqida, egasini topib olishi lozim bo`lgan, ayrim ma`naviyati buzuqlar haqida ketayotganini ichimizda ko`pchiligimiz bilib ham turibmiz…
Yana bir fikr ham bor: aslida kim kafolat bera oladi maqola yozayotgan mualliflarning fikri tiniqligigayu, ko`rib gaplashib ko`rmagan odami haqidagi chiqarayotgan xulosasi adolatligigayu, yoki “fursati keb qoldi, qandingni urib qol” deb, xalqni bir “evropacha”ilg`orlikka chorlab, gij-gijlamoqchi emasligiga?
Yoki bo`lmasa shu kungacha viloyat hokimligidagi olib borilayotgan bunyodkorlik, rivojlanish masalalari, yuzlab katta tadbirlar, amaliy ishlar to`g`risida biron marta ma`lumot so`rab qiziqmagan, lekin bir o`ziga yoqadigan gapni eshitib qolib, idoraning istalgan bo`limlariga tinimsiz qo`ng`iroqlar qilib “xolisona” axborot tarqatuvchi markazlarning ko`rinib turgan ayyorona berayotgan savollari, harakatlaridan ham xulosa chiqarib, mavzuga chuqurlashishni to`xtatsak bo`lar?
Yana bir gap. Hamma maqola o`qib, yangiliklardan xabardor bo`lib, internetda o`zining chiroyli munosabatini bildirib o`tirgani bilan hayot yaxshilanib qolmasliginiyam tan olish kerak, manimcha. Amalda nima ish qilish kerak o`zi? Xamma o`zi bilganicha ish qilaversinmi. Yoki kimdir qattiqroq tegib, hali nima bo`lganini his qilib ulgurmagan mas`ullarni ko`zini ochib qo`yishi ham kerakdir balki…
… Rahbar ham oddiy bir inson. Alamda qolgan har qanday inson singari u ham qizishib alamini kimdandir olgisi keladi yoki o`zidan tashqari ham aybdor deb bilgan odamiga tushuntirib qo`ymoqchi bo`lishi ham mumkin. Lekin fursat o`tib alam ustida aytilgan gaplarni bir chetga surib, har bir ishni o`z qonun-qoidalariga ko`ra amalga oshirish kerakligini ham tan oladi.
So`nggi fikr. Mamlakat rahbari ham uzoq vaqtdan buyon ayrimlarga qilayotgan ishlari yoqmasa ham, lekin belgilangan vazifalarni bor kuch-imkoniyati, butun vujudi bilan bajarib, sidqidildan, o`zini ayamay ishlayotgan, ko`pchilik ham bilavermaydigan qiyinchiliklarni boshidan kechirib, viloyat erishayotgan yutuqlarga sabab bo`layotgan aynan shu inson bilan shuncha vaqtdan beri birga ishlab, mazkur vazifada mehnat qilishiga hayrixoh bo`lib kelayotgani behikmat emasligi haqida ham o`ylab ko`rsak yomon bo`lmasdi…
Zero, Sadriddin Salim Buxoriy aytganlaridek,
Illat izlaganga illatdir dunyo,
G`urbat izlaganga g`urbatdir dunyo.
Kim neni izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.
Abdulazizxon Abdasov
viloyat hokimligi axborot tahlil guruhi
etakchi mutaxassisi-matbuot kotibi