AsosiyJamiyat

“Qizil kitob”ga kiritilgan jayronlar vahshiylarcha otib o`ldirildi (video)

'“Qizil kitob”ga kiritilgan jayronlar vahshiylarcha otib o`ldirildi (video)'ning rasmi

Mamlakatimiz faunasini oqquyruq, jayronsiz tasavvur qilish mushkul. O`zbekistonda noyob jonivorlar – sayg`oqlar va jayronlar saqlanib qolgan dunyoning atigi besh mamlakatidan biri hisoblanadi.

"Sahro kengliklarida yashashga moslashgan bu jonivor tabiat injiqlaridan emas, odamzotning hakalak otgan nafsi tufayli qirilib ketayotgani juda achinarli", — deyiladi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi xabarida.


Afsuski, O`zbekistonda jayronlarni asrash, ular yashab, ko`payadigan hududlarni muhofaza qilishga alohida e`tibor berilayotganiga qaramay, qonun xilof ravishda ovlangan bu hayvonlarni yashirin ravishda olib chiqishga bo`lgan urinishlar ko`zga tashlanmoqda.

2018 yil 20 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi huzuridagi Bioinspeksiyaning Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari hududiy inspeksiyasi inspektorlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir tumani “Kitay-kozgan” kollektori hududida olib borilgan tezkor reydlar davrida fuqarolar Salamot Iskandarov, Turiniyoz Nurabullaev, Sidulla Arzimbetov Miyrbekovich, Qadirboy Izimuratov, Atamurat Berdiyarov, Salamot Iskandarov boshqaruvida bo`lgan “UAZ-469” rusumli avtomashina to`xtatilib ko`zdan kechirilganida, “Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi turdagi 20 bosh jayron ov quroli orqali otib, olib ketilayotganligi ma`lum bo`ldi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi ekspertlarining xulosasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob yovvoyi jayronlarning nobud qilinishi oqibatida Hayvonot dunyosiga jami 258 360 000 (ikki yuz ellik sakkiz million uch yuz oltmish ming) so`m miqdorida zarar etkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, huquqbuzarlarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.





Boshqa yangiliklar