AsosiyJamiyat

Prezident O`zbekiston olimpiya terma jamoasini chempionlik bilan tabrikladi

'Prezident O`zbekiston olimpiya terma jamoasini chempionlik bilan tabrikladi'ning rasmi

Tabrik matni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida e`lon qilindi.


Xitoy Xalq Respublikasida bo`lib o`tgan futbol bo`yicha 23 yoshgacha bo`lgan yoshlar o`rtasida Osiyo chempionati g`oliblari – O`zbekiston yoshlar terma jamoasi a`zolariga

Aziz farzandlarim!


Qadrli ustoz va murabbiylar!

Barchangizni futbol bo`yicha Yoshlar o`rtasida bo`lib o`tgan Osiyo chempionatining final o`yinida g`oyat og`ir va noqulay ob-havo sharoitida tom ma`noda matonat va jasorat namunasini namoyon etib, g`oliblikni qo`lga kiritganingiz bilan o`z nomimdan, ko`pmillatli xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar qo`lga kiritgan mislsiz bu g`alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag`ishlab, O`zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko`rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo`shadi.

El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o`g`lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi.

Barchangizni bag`rimga bosib, sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g`ayrat, jonajon O`zbekistonimizning shon-shuhratini dunyoga tarannum etishda doimo yutuq va zafarlar yor bo`lishini tilayman.



O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

    Boshqa yangiliklar