AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev Qashqadaryoga jo`nab ketdi

'Prezident Shavkat Mirziyoev Qashqadaryoga jo`nab ketdi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga jo`nab ketdi.

Qashqadaryo viloyati 1924 yil 1 noyabrda tashkil topgan. Aholisi soni 3 million 148 mingdan ziyod. Umumiy er maydoni 28 ming kvadrat kilometr. Viloyatda 182 ming gektardan ziyod ekin maydoni mavjud. Shundan sug`oriladigan erlar – 122 ming gektarga yaqin. Viloyat markazi – Qarshi shahri. Viloyatdagi 13 ta tuman, 2 shaharning har biri o`ziga xos salohiyatga ega. 50 yirik sanoat korxonasi, 57 qo`shma korxona, 14 ming 960 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ekti, 20 ming 333 fermer, 19 ming 917 dehqon xo`jaliklari faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida ko`plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. O`tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko`zda tutuvchi ko`plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.

Viloyatda 2017 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 17 trillion 366 milliard so`mni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida 70 mingdan ortiq yangi ish o`rni yaratildi. 2 ming 711 ta, jumladan, sanoatda 776 ta, xizmat ko`rsatishda 1 ming 115 ta va qishloq xo`jaligi yo`nalishida 820 ta loyiha amalga oshirildi.

    Boshqa yangiliklar