AsosiyJamiyat

Adliya xodimlarining ishini xufyona o`rganish natijasida 17 nafar xodim ishdan bo`shatildi

'Adliya xodimlarining ishini xufyona o`rganish natijasida 17 nafar xodim ishdan bo`shatildi'ning rasmi

Fuqarolarga davlat xizmatlari ko`rsatuvchi xodimlarning o`z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda “sirli mijoz” tadbirini o`tkazish yo`lga qo`yilgan.

Bu haqda adliya idoralarining kengaytirilgan hay`at yig`ilishida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma`lum qildi.

Bunda vazirlik xodimi notarius, FHDYo idorasi yoki davlat xizmatlari ko`rsatish markaziga mijoz sifatida boradi. Ulardan biror xizmat ko`rsatishni so`raydi. Bundan bexabar xodim esa...

“Sirli mijoz” Yangiyo`l tumani davlat xizmatlari ko`rsatish markaziga yangi korxona tashkil etish istagida borgan. Mas`ul xodim esa mijozga 400 ming so`m olib kelsangiz, ishingiz bitadi, deb aytgan va uning qo`liga tashrif qog`ozini tutqazgan.

Urganch tumani davlat xizmatlari ko`rsatish markaziga xorijiy korxona ochish istagida borgan “sirli mijoz” qo`liga o`z kuchini yo`qotgan hukumat qarori tutqazilgan.

Ana shunday xufyona o`rganish natijasida qo`pol qonunbuzilish holatiga yo`l qo`ygan 17 xodim ishdan bo`shatilgan.

Majlisda bunday holatlarga aslo toqat qilib bo`lmasligi, ularga barham berish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinishi qayd etildi.

Vazirlik tomonidan “sirli mijoz” tadbirini hududiy adliya organlari tomonidan ham o`tkazilishi topshirilgan. Biroq joylarda bunga panja orasidan qaralgan. Ya`ni “sen menga tegma, men senga tegmaysan”, qabilida.

Videokonferensaloqa tizimi orqali majlisda ishtirok etayotgan Qoraqalpog`iston Respublikasi adliya vaziridan bu borada qanday ish qilingani so`raldi. Lekin ijobiy javob olinmadi. Unga birinchi chorak yakunigacha yuzta “sirli mijoz” tadbiri o`tkazish topshirig`i berildi. Buxoro, Surxondaryo adliya boshqarmalari tomonidan yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar ham tanqid qilindi.

FHDYo organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Bu borada 232 organ aholiga xizmat ko`rsatmoqda. Lekin ular oldiga qo`yilayotgan eng dolzarb vazifalarga sovuqqonlik bilan qarayotir.

Prezidentimiz topshirig`i asosida to`y marosimlarini ixchamlashtirishga qaratilgan “Bekobod namunasi” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Lekin bundan shu ishni bevosita amalga oshirishga mas`ul bo`lgan joylardagi adliya xodimlariing hali xabari yo`q. Masalan, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig`idan bu haqda so`ralganda u sukut saqlagan.

Hozirda 58 million dalolatnoma yozuvi mavjud bo`lib, ularning elektron arxivi yaratilmoqda. Bu fuqarolarga yaratilayotan katta qulaylik bo`lib, zarur hujjatni tez va oson topish imkoniyatini yaratadi.

Bu borada Toshkent shahrida samarali ish olib borilmoqda. Biroq joylardagi 75 FHDYo organi tizim bo`yicha umuman ish olib bormagan. Shuning uchun majlisda ishni jadallashtirish uchun har bir organga elektron arxivga ma`lumot kiritish bo`yicha qat`iy yuklama qo`yilishi aytildi.

Majlisda bundan buyon har bir soha bo`yicha qattiq nazorat o`rnatilishi ma`lum qilindi. Bundan o`z vaqtida xulosa chiqargan xodimlargina tizimda ishlashda davom etadi.

    Boshqa yangiliklar