Bundan buyon Tojikistonga faqat akkreditasiya qilingan korxonalar “halol” belgisiga ega bo`lgan go`sht mahsulotlari olib kirish huquqiga ega bo`ladi, deb xabar berdi Sputnik uz nashri.
Tojikiston mamlakatga “halol” sertifikatiga ega bo`lmagan go`sht mahsulotlari olib kirishni rasman ta`qiqladi. Ushbu cheklovlar haqida Tojikiston hukumati barcha xorijiy hamkorlariga ogohlantiruv xati yubordi. Bundan buyon faqat Tojikiston hukumati tomonidan berilgan akkreditasiyasi bo`lgan xorijiy korxonalargina o`zining go`sht mahsulotlarini Tojikistonga olib kirishi mumkin.
“Akkreditasiya olish uchun bizning mutaxassislar xorijiy korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish sharoitlarini o`z ko`zlari bilan ko`rishlari kerak.
Undan tashqari mahsulot “halol” sertifikatiga ega bo`lishi kerak. Faqat ana shu talablarga javob beradigan ishlab chiqaruvchilargina o`z mahsulotini Tojikistonga olib kirish huquqiga ega bo`ladi”, — deyilgan xabarda.
Eslatib o`amiz, yaqinda CrescentRating kompaniyasi tomonidan tuzilgan Global Muslim Travel Index, (Halol turizm reytingi) bo`yicha Tojikiston dunyoda 26- o`rinni egallagan edi.






