O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig`i – Ichki ishlar vazirining Matbuot kotibi Qutbiddin BURHONOV yangi hibsxona haqidagi ma`lumotlar bilan bo`lishdi.
– Prezident qarori asosida Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan tergov hibsxonasi qurildi, – deydi Qutbiddin BURHONOV. – Hozirgi kunda “Toshturma”da saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning barchasi yangi binoga ko`chirildi.
Xalq orasida “Toshturma” nomi bilan mashhur Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasi 1891 yilda Chor Rossiyasi amaldorlari buyrug`iga binoan toshdan barpo etilgan. O`zaro er osti va er usti yo`llari bilan bir-biriga bog`langan to`rt korpus mavjud bo`lsa-da, binoning umumiy ahvoli bugungi kun talablariga, xalqaro standartlarga javob bermasdi.
– Yangi tergov hibsxonasi qanday qulayliklar ega?
– Binoni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari, jazoni ijro etishga oid barcha jihatlar hisobga olingan. Binoni qurish va jihozlashda zamonaviy texnologiya va materiallardan foydalanildi.
Oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko`rsatish xonalari har tomonlama qulay. Maxsus kontingentga zarur bo`lgan tibbiy yordam ko`rsatish va uni tashkillashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. Oziq-ovqat va dori-darmonlarni saqlash uchun zamonaviy muzlatkichlar o`rnatilgan.
Xalqaro va zamon talablariga javob beruvchi, qurilishi va jihozlanishi jihatidan MDH davlatlari ichida yagona hisoblangan ushbu hibsxona sakkiz qirrali yulduz shaklida qurilgani kameralarga har tomonlama yorug`lik tushishini ta`minlaydi.
Mahkum va mahbuslarning yaqin qarindoshlari, advokatlari bilan uchrashuv xonalari mavjud. Bu xonalar barcha talablarga javob beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi asosida barcha jazoni ijro etish muassasalari, shu jumladan yangi tergov hibsxonasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Bu mahkumlarning huquqlarini himoyalashda muhim o`rin tutuvchi vosita bo`lib, ularga qo`pol muomalada bo`lish, zo`ravonlik qilish kabi illatlarga barham beradi.
Xorij amaliyotiga nazar tashlasak, aksariyat rivojlangan davlatlarda mahkumlarni saqlash, oziq-ovqat ta`minoti masalasi jazo muddatini o`tayotgan shaxsning hisobidan qoplanadi. Yurtimizda esa mahkumlarni saqlash harajatlari davlat byudjetidan qoplanadi.
Mazkur amaliyot O`zbekistonda inson huquqi oliy qadriyat sifatida e`tirof etilgani, jazo muddatini o`tayotgan shaxsga nisbatan uning ijtimoiy kelib chiqishi, qaysi davlat fuqarosi ekani, mavqei, irqi, dinidan qat`iy nazar, avvalambor, inson sifatida munosabatda bo`linayotganidan darak beradi.






