AsosiyJamiyat

Flamingo qushi Qoraqalpog`istonga nima uchun uchib keladi?

'Flamingo qushi Qoraqalpog`istonga nima uchun uchib keladi?'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumani hududida joylashgan Sudoche ko`li turli qushlarning vatani sanaladi. U erni 240 dan ortiq turdagi qushlar qatorida ajoyib qush – flamingo ham makon qilgan, deb yozadi O`zA.

Flamingolar, shuningdek, Qoraqalpog`istonning yana bir necha hududida – Vozrojdenie oroli, g`arbiy Qorateran ko`li, Shegeko`l (Mejdureche suv saqlagichi), Sariqamish ko`li, Amudaryoning o`ng qirg`og`i, Jaltirbas ko`lida uchraydi.

2.JPG

Ornitolog olimlarning fikricha, mahalliy tilda qizilg`oz deb nomlanuvchi flamingo qushlari Qoraqalpog`istondan asosan uchib o`tish, uzoq safar oldidan oziqlanish uchun foydalanadi. Lekin qoraqalpog`istonlik ornitolog olimlar 2014 yilda Sudoche ko`llar tizimida olib borgan tadqiqotlar vaqtida flamingoning katta uyalovchi koloniyasini topgan edi.

Flamingoning asosiy ozuqasi mayda qizil artemiya va uning tuxumi (sistasi) sanaladi. Bundan tashqari, flamingolar mollyuskalar, hasharot lichinkalari va qurt-qumursqa bilan ham oziqlanadi. Ular ozuqasini suvning sayoz joylaridan qidiradi. Flamingo uyalagan suvida oziqlanishi ham mumkin, lekin ozuqa kam bo`lsa, boshqa joyga uchib borib (30-40 hatto 50-60 km.), yana qaytadi.

Orol dengizida artemiya jonzotlarini ovlash bilan shug`ullanuvchi «Aralskaya akvakultura» korxonasi direktori Vladimir Chasovnikovning ta`kidlashicha, bahor-kuz oylarida Orol dengizi qirg`oqlarida flamingo to`dalarini uchratish mumkin. Flamingolar bu erga yaqin Sudoche ko`lidan kelib, artemiyalar tutadi.

6.JPG

Eng qizig`i, flamingolar ushbu artemiyalar bilan oziqlanib, tanasiga yog` yig`adi, natijada pushti rangga kira boshlaydi. Ular ayniqsa, ko`payish vaqtida artemiyani ko`proq tanovul qiladi.

Flamingo O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 40 turdagi qushlarning biri hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar