AsosiyJamiyat

«Oqtepa lavash»dagi suvarak mojarosi: aslida nima bo`lgan edi? (video)

'«Oqtepa lavash»dagi suvarak mojarosi: aslida nima bo`lgan edi? (video)'ning rasmi

Ma`lumki, «Oqtepa lavash» fast-fud tarmog`i poytaxtda keng tarqalish bilan birga viloyatlarda ham o`z shoxobchalarini ochgan. Hamisha gavjum bo`ladigan «Oqtepa lavash» yillar davomida o`z mijozlari sonini muntazam oshirib keldi. Ammo…

Internetni yashin tezligida «aylanib chiqqan» suvaraklar lavhasi har qanday mijozni o`yga toldirishi tabiiy. Ayniqsa, nafaqat devorlarda, balki bevosita eguliklarning ustida yurgan suvaraklar ko`pchilikning bu mahsulotlarga bo`lgan shubhasini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda har doimgidek g`ujg`on o`ynayotgan fikrlar xilma-xil va mutlaq ko`pchilik bu holatni qoralagan.

Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida "Xabar.uz" nashri «Oqtepa lavash»ning ochiq manbalardagi bog`lanish raqami bo`lgan 273-20-44 telefon raqamiga qo`ng`iroq qildik. Rahbarlardan kimnidir chaqirib berishlarini so`raganimizda bir yigit o`zini ish boshqaruvchi deb tanishtirdi va harchand iltimos qilmaylik, ism-sharifini ochiqlamadi. Nachora, suhbatlashaverdik.

— Bu holat qaysi shoxobchada yuz bergan?

— Oqtepa maydonidagi shoxobchamizda.

— O`zi umuman respublika bo`yicha nechta shoxobchangiz bor?

— Bu savolingizga javob bera olmayman.

— Suvaraklarning bu qadar ko`payib ketishiga nima sabab deb o`ylaysiz?

— Bir necha sabablar bor. Avvalo biz tagida faoliyat yuritayotgan uy ancha eski, suvaraklar bo`lishi tabiiy. Ob-havoning sovib ketishi natijasida hasharotlar ham o`zlariga issiq joy izlagan. Eng asosiy sabab yuqoridagi qo`shnilardan biri uyini dezinfeksiya qildirgani natijasida hamma suvaraklar qochib pastga tushishgan.

— Bu holatni bartaraf etish uchun qanday choralar ko`rildi?

— O`zi 15 yanvar kuni shoxobcha to`la dezinfeksiya qilingandi. Bu holatdan keyin qo`shnilar bilan kelishib, butun uy qayta dezinfeksiyalandi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videolavhadan keyin ikkinchisi ham e`lon qilindi. Unda barcha xodimlar shoxobcha yonida saf tortib turishibdi.

— Ha, shunday bo`ldi. Bunga ikki sabab bor: avvalo mijozlarimizdan shu tarzda uzr so`rayapmiz, ikkinchidan, hamma xodimlar bilan bunday holat qayta yuz bermasligi uchun qattiq tushuntirish ishlari olib borildi.

«Oqtepa lavash»dagi holat har qanday fast-fud tarmog`ida yuz berishi mumkin. Demak, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bu masalaga jiddiy qarashi shart.



Boshqa yangiliklar