Yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda eng ko`p muhokama bo`lgan, foydalanuvchilarni chuqur hayajonga solgan xabar — tanasidan 16 ta igna va sim bo`lagi topilgan chaqaloq taqdiri atrofidagi fikr-mulohazalar hali-hamon poyoniga etgan emas.
Ushbu ko`ngilsiz hodisaning kelib chiqish sababi, uning oqibati kishini chuqur o`yga toldiradi. Bugun kimdir go`dakning ahvoli juda og`ir ekanini aytsa, yana kimdir bu voqelikka oilaviy kelishmovchiliklar sabab bo`lganini bildirmoqda. «Xalq so`zi» nashri muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida chaqaloqning onasi va mahalla faollari bilan uchrashib, aslida nima bo`lganligiga oydinlik kiritishga harakat qildi.
Abdujabbor Ahmedov, “Nayman” mahalla fuqarolari yig`ini raisi:
- Chaqaloq dunyoga kelgan Shohsanam Boltaboeva va Azimjon Xudoyberdievlar oilasi mahallamizda tinch-totuv yashayotgan oilalardan biri. Oila kattalari Abdumajid va Umidaxon Xudoyderbievalar halol mehnat bilan 5 o`g`ilni voyaga etkazishgan. Chaqaloqning otasi Azimjon oilada to`rtinchi farzand. U yangi uy qurish maqsadida 2015 yildan buyon Rossiyada ishlaydi. U 2013 yilda Shohsanam bilan turmush qurgan. Bundan tashqari, ular mahalladosh. Ikki yil farzand ko`rishmadi. 2015 yilning kuzida Shohsanam ham turmush o`rtog`ining oldiga ketdi. 2016 yilning iyulida homilali bo`lganligi bois Farg`onaga qaytdi.
Odamlar orasida turli gap-so`zlar oralagani bor gap. Lekin men onaning bunday tuban ishga qo`l urganiga ishonmayman. Negaki, Shohsanam ikki yil sabr bilan Yaratgandan farzand so`raydi-yu, o`z jigarbandining joniga qasd qiladimi? Bunga hech bir sabab ko`rmayapman. Bu mudhish voqea yuz bergandan so`ng jamoatchilik bilan birgalikda chaqaloq vaqtincha yashayotgan xonadonda bo`ldik. Shohsanam Boltaboevaning onasi Xayrixon Boltaboeva do`ppido`zlik bilan shug`ullanadi. O`sha kunlari bozordan igna to`plamini olib kelgan ekan. Voqeaga ehtiyotsizlik sabab bo`lishi ham mumkin. Yana kim biladi deysiz...
Akmaljon Qurbonov, “Nayman” mahalla fuqarolari yig`ini profilaktika inspektori:
- Azimjonning xonadonida joy masalasi muammo bo`lganligi bois erining maslahati va roziligi bilan Shohsanam o`zining ota uyida vaqtincha yashaydi. Yangi yil kuni Shohsanam qaynotasining uyida bayram nishonlashgani, bir-ikki kun erining uyida qolganidan ham xabarim bor. Ya`ni ularning orasida hech qanday nifoq yo`q. Qaynonasi Umidaxon Qayumova va oilasi o`rtasida Shohsanam bilan biror marta ham kelishmovchiliklar ro`y bermagan. Har ikkala xonadon — Azimjon va Shohsanamning xonadoni ham o`ziga tinch xonadonlardan. Shohsanamda kuchli ta`sirlanish holatlari yoki salbiy ruhiy bosim mavjud bo`lmagan.
Uning yakkayu yagona akasi Sarboz Usubalievning bir o`g`li bor. Yaqinda qizli bo`ldi. Jumagul kelinoyisi bilan munosabatlari risoladagidek. Masalaning o`ylantiradigan tomoni, shifokorlar ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida “Ignalar tashqi ta`sir ostida yuborilgan” ma`nosida tibbiy xulosa berdilar. Ularning mutaxassis sifatidagi fikrlariga qo`shilaman. Nima bo`lganda ham bu jumboqli va taajjubli masalaga tergov davomida oydinlik kiritiladi.
Shohsanam Boltaboeva, chaqaloqning onasi:
- Ikki yillik sabr-bardosh bilan ona, degan sharafli baxtga erishdim. Nahotki, o`z vujudimda to`qqiz oy ko`tarib, dunyoga keltirgan farzandimni o`z qo`larim bilan nobud qilishga urinsam. Yo`q buni, hatto, o`ylashga ham qo`rqaman...
Chaqaloqning bobosi Murodjon Boltaboevning telefon orqali xabar berishicha, hozir poytaxtimizdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish ilmiy markazida davolanayotgan 11 oylik Azizbek Abdumajidovning ahvoli yaxshilangan. Shifokorlar uning oziqlanishiga ruxsat berishgan.






