AsosiyJamiyat

Karantin ruxsatnomasi va fitosanitar sertifikati bo`lmagan mahsulotlar O`zbekistonga kiritilmaydi

'Karantin ruxsatnomasi va fitosanitar sertifikati bo`lmagan mahsulotlar O`zbekistonga kiritilmaydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi hududini o`simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va O`simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o`tish tartibi to`g`risidagi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Telegramdagi "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.

Nizomlarga ko`ra, respublikaga karantin nazoratidagi maxsulotlarni olib kirishga O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan karantin ruxsatnomasi hamda eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi bo`lgandagina ruxsat beriladi.

Vakolatli davlat organlari mavjud bo`lmagan eksport qiluvchi mamlakatdan o`simliklar karantin nazoratidagi mahsulotlarni O`zbekistonga olib kirishga Inspeksiya tomonidan har bir partiyaga alohida holda beriladigan karantin ruxsatnomasi bo`lgan taqdirda yo`l qo`yiladi.

Karantin ruxsatnomasini olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar Inspeksiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

karantin ruxsatnomasini berish to`g`risida ariza;

karantin ruxsatnomasini berish to`g`rsidagi arizani ko`rib chiqish uchun yig`im (eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida) to`langanligini tasdiqlovchi bank hujjati.

Ariza beruvchidan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yo`l qo`yilmaydi.

Ruxsatnoma berish yoki uni rad etish huqidagi qaror ariza berilgan kundan boshlab etti ish kuni davomida qabul qilinishi kerak.

    Boshqa yangiliklar