Amudaryo deltasi, Qizilqum va Ustyurt kengliklarida tarqalgan va «cho`l jensheni», «sahrodagi hayot ildizi», «oltin tomir» nomlari bilan ataluvchi sistanxe o`simligi farmasevt olimlar e`tiborini tortmoqda. Bu haqda Qoraqalpog`iston axborot agentligi xabar bermoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi dosenti Nizamatdin Mamutovga ko`ra, 2 ming yildan buyon Xitoy tibbiyotida foydalanib kelinayotgan bu o`simlik ko`p kasalliklarga davo va umrni uzaytirish xususiyatiga ega. Sistanxe bo`g`inlardagi og`riqlar, buyrak kasalliklarini davolash, shuningdek, xotira va immunitetni mustahkamlash, asabni tinchlantirishda, ayniqsa, miya o`simtasining oldini olishda tengi yo`q darmon hisoblanadi.
— Bir-ikki yil avval Shimoliy Koreya va Xitoydan kelgan dori tayyorlovchilar ushbu o`simlikni aholidan ko`p miqdorda sotib olib, yurtlariga olib ketishardi, — deydi N.Mamutov. — Eshitishimcha, xalqaro bozorda maydalangan sistanxening bir kilogrammi 200-500 dollargacha narxlanar ekan.
Sistanxe saksovul, qandim singari o`simliklar ildizida uchraydi, Qoraqalpog`istonda uning 4 turi o`sadi.

Sistanxe Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Pireney yarim oroli cho`llaridagina o`sadi. Yaponiya, Xitoy va Qozog`iston farmasevtikasi bilan kosmetologiyasida keng qo`llaniladi. Hozirgi vaqtda Qozog`iston Markaziy Osiyoda sistanxeni qayta ishlab, eksport qilayotgan yagona davlat bo`lib, uning asosiy xaridorlari Yaponiya, Xitoy va boshqa shimoli-sharqiy Osiyo davlatlaridir. Qozog`istonning Jambil viloyatidagi sexda yiliga 100 tonnadan ortiq quritilgan sistanxe etishtiriladi. Qimmatli xom ashyo sifatida mazkur o`simlikka bo`lgan talab yildan yilga ortmoqda.
— Qoraqalpog`istonda shifobaxsh xususiyatga ega, bebaho o`simliklar juda ko`p, — deydi O`zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi Tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining o`simliklar ekologiyasi laboratoriyasi boshlig`i, biologiya fanlari nomzodi Xolida Matjonova. — Hozir hududda o`sadigan 1110 turdagi o`simlikning 37 foizi (410 dan ziyod turi) shifobaxsh xususiyatga ega. Orol dengizining qurib qolgan qirg`og`ida o`sadigan 73 turdagi o`simlikning 13 turi, Ustyurtda 85 va sahroli hududlarda 66 turdagi shifobaxsh o`simliklar topilgan. Ulardan 45 ga yaqini kamayib ketayotgan, kam uchraydigan va yo`q bo`lish ketish arafasida turgan shifobaxsh o`simliklardir. Xususan, qo`ng`ir qumuzum, oddiy unabi va yuraksimon torol shifobaxsh o`simliklari Qizil kitobga kiritilgan.
Laboratoriyaga qarashli erda va Fanlar akademiyasining Botanika bog`ida hozirgi vaqtda kalendula, donnik, topinambur singari 23 turdagi mahalliy shifobaxsh o`simliklar ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. 2012- yildan kovrak, pechak, adiraspan, qashqarbeda o`simliklarini dori uchun xom ashyo sifatida foydalanish maqsadida mahalliy sharoitda o`stirish, biologik xususiyatlarini o`rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, mahalliy olimlarning tadqiqotlari Orol dengizining shimoliy tomonlarida boshqa yurtlarda uchramaydigan 60 dan ortiq turdagi o`simliklar borligini ko`rsatdi. Ulardan Korolkov chirmovug`i, Berg boychechagi, to`rsimon boychechak, Borshov piyozi, Turkiston sarsabili, Lemanna kovragi, ko`p poyali devyasil yovvoyi o`simliklari shifobaxsh xususiyatga ega.






