Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz shahridagi bo`linmalari, shuningdek Termiz davlat universitetining Denovdagi filiallarini bog`laydigan, optik aloqa tarmoqlariga asoslangan videokonferentsaloqa tizimi ishga tushirildi, deb xabar qildi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi.
Ta`kidlanishicha, "O`zbektelekom" AK tomonidan tezkor va sifatli internetga asoslangan videokonferensaloqa tizimi uchun zarur dasturiy va tashkiliy ta`minotlar majmui ishlab chiqildi. Oltita ob`ektni qamrab olgan bu tizim 24 ta maxsus kompyuter, 24 ta veb-kamera va mikrofonlar va maxsus rusumdagi 48 ta dinamiklar, 48 ta keng formatli ekranlardan iborat.
Natijada, bu hududda tahsil olayotgan yoshlar poytaxtda, qolaversa jahonning boshqa mamlakatlarida faoliyat ko`rsatayotgan peshqadam professor-o`qituvchilar, ekspertlardan ta`lim olish imkoniga ega bo`ldilar.
Shuningdek, joriy tizim yangi bilim va tajribalarni tezkor etkazish, boshqa universitetlar bilan ulanish va tajriba almashish, ta`limning iqtisodiy samaradorligini oshirish, o`quv jarayonida audio-video, animasiya, grafikalardan keng foydalanish, nazariyani amaliyot bilan taqqoslash hamda ixtisosliklar bo`yicha qisqa kurslarni tashkil qilish imkonini beradi.
Masofaviy ta`lim tizimi orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, tinglovchilar uchun masofaviy malaka oshirish imkoniyatini yaratish, ta`limning turli interaktiv shakllarini bir-biriga yaqinlashtirishga erishish mumkin.
Bugungi kunda xorijda masofaviy ta`limdan shaxsiy reja asosida uydan turib bilim olish, universitet tomonidan tayyorlangan videodarslardan foydalanish, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta`lim olish, shuningdek bir vaqtning o`zida qo`shimcha tarzda boshqa yo`nalishlarda ta`lim olish va shaxsiy qiziqishlari bo`yicha salohiyatini oshirish tajribasi keng tatbiq qilinmoqda. Yurtimiz ta`lim muassasalarida joriy qilinayogtan axborot-kommunikasiya texnologiyalari infratuzilmasi ham kelajakda bu kabi imkoniyatlardan foydalanishga xizmat qiladi.





