2018–2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta`minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar sifatini oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligining Telegramdagi rasmiy kanali.
Qarorda ta`kidlanishicha, shaharlar va qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari bilan ta`minlanmaganligi ularda muhandislik-kommunikasiya va yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirishda to`sqinlik qiluvchi omil bo`lib qolmoqda.
23 ta shahar va 994 ta shahar posyolkalarini bosh rejalar bilan ta`minlash talab etiladi.
Qaror bilan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, loyiha tashkilotlari faoliyatini yanada yaxshilash shaharsozlik sohasi mutaxassislari tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilandi.
Xususan, 2018 yilning o`zida 8 ta shahar, 30 shahar posyolkalarining bosh rejalari ishlab chiqiladi.
Qurilishda marketing, qurilishda menejment kabi ta`limning yangi talab etilgan yo`nalishlari ochiladi. Tarmoq mutaxassislarining malakasini oshirish uchun tizimli asosda har yili etakchi xorijiy oliy ta`lim va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqiladi.






