AsosiyJamiyat

Ma`muriy bayonnomani tuzishda hujjatlar to`plami talab etiladi

'Ma`muriy bayonnomani tuzishda hujjatlar to`plami talab etiladi'ning rasmi

Joriy yilning 1 aprelidan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomani tuzishda hujjatlar paketini yig`ish talab etiladi. 29.01.2018 yildagi O`RQ–463-son Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga shunday qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

Eslatib o`tamiz, bayonnoma barcha ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha tuziladi, MJTKning 283-moddasida ko`rsatilganlari (piyodalar va yo`lovchilar tomonidan YHQning buzilishi) bundan mustasno. Unda quyidagilar ko`rsatiladi:

  • bayonnoma tuzilgan sana va joy;
  • bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • huquqbuzarning shaxsiga oid ma`lumotlar;
  • ma`muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati;
  • ana shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat;
  • agar guvohlar va jabrlanuvchilar bo`lsa, ularning familiyalari va yashash manzillari;
  • huquqbuzarning tushuntirishi;
  • agar moddiy zarar etkazilgan bo`lsa, buning dalili;
  • ishni hal qilish uchun zarur bo`lgan boshqa ma`lumotlar.

Hujjat uni tuzgan mansabdor shaxs va ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanadi, guvohlar va jabrlanuvchilar bo`lgan taqdirda esa - mazkur shaxslar tomonidan ham imzolanadi.

Endi bayonnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi (mansabdor shaxs tomonidan yig`iladi):

MJTKning 133 va 134-moddalari bo`yicha

(engil tan jarohati, ancha miqdorda moddiy zarar etkazilishi, transport va mol-mulkning shikastlanishiga olib kelgan YHQning buzilishi)

MJTKning 52-moddasi bo`yicha

(engil tan jarohati etkazish)

MJTKning boshqa moddalari bo`yicha

1) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ko`chirma nusxasi;

2) IIOning ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari ma`muriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotnomasi;

3) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishi;

4) jabrlanuvchining, guvohlarning ko`rsatuvlari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud bo`lsa;

5) ma`muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar;

6) haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning va ishonchnomaning ko`chirma nusxasi;

7) sug`urta polisining ko`chirma nusxasi (mavjud bo`lgan taqdirda);

8) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda boshqarilganligi belgilangan tartibda tekshiruvdan o`tkazilganligi to`g`risidagi tibbiy xulosa, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi ta`siridan yoki o`zgacha tarzdagi mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlagan taqdirda ikki xolis ishtirokida tuzilgan dalolatnoma;

9) ko`zdan kechirish dalolatnomasi va hodisa joyining chizmasi, transport vositasining shikastlanishlari to`g`risidagi ma`lumotnoma va texnika vositalari shikastlanishlarining fotosuratlari;

10) avtomototransport vositasiga etkazilgan zararni baholash dalolatnomasi;

12) sudga qadar avtotexnika ekspertizasi tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi;

13) surishtiruv yakunlariga ko`ra, manfaatdor shaxslarning ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish materiallari bilan tanishganligi to`g`risidagi bayonnoma.

1) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ko`chirma nusxasi;

2) IIOning ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari ma`muriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotnomasi;

3) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishi;

4) jabrlanuvchining, guvohlarning ko`rsatuvlari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud bo`lsa;

5) ma`muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar;

6) jabrlanuvchining arizasi;

7) sudga qadar tibbiy ekspertiza tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi;

8) jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish to`g`risidagi qaror.

1) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ko`chirma nusxasi;

2) IIOning ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari ma`muriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotnomasi;

3) ma`muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishi;

4) jabrlanuvchining, guvohlarning ko`rsatuvlari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud bo`lsa;

5) ma`muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar.

Shu tariqa, barcha toifadagi ishlar bo`yicha shaxsini tasdiqlovchi hujjatdan nusxa ko`chirish va alohida tushuntirish yozish talab etiladi. Bu, fikrimizcha, bayonnomalarni, masalan, DYHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirish uchun ancha vaqtni talab etsa kerak.

Bundan tashqari, amaliyotda o`tkazilgan ayrim prosessual harakatlar rasmiy ravishda majburiy deb belgilandi. Ayrim toifalar bo`yicha (yuqoridagiga qaralsin) haydovchi holatini tibbiy tekshiruvdan o`tkazish, zararni baholash, avtotexnik va tibbiy ekspertiza tayinlash talab etiladi.

Biroq, mazkur choralar ma`muriy huquqbuzarlik ishlarini to`liq va xolis ko`rib chiqish imkoniyatini yaratadi.

    Boshqa yangiliklar