Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Toshkent shahar hokimiyati va Janubiy Koreyaning POSCO Daewoo korporasiyasi 1 fevral kuni High Tech City loyihasini birgalikda amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha kelishuv imzoladi. Bu haqda, qo`mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kelishuv 22 noyabr kuni Seulda imzolangan, 1,4 milliard dollar qiymatdagi yuqori texnologik tuman qurilishi borasidagi hujjatni to`ldiradi.
Hujjatga ko`ra, tomonlar loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichiga qadam qo`yadi. Ushbu bosqichda qo`shma ishchi guruh tuzilib, u loyiha sifatli va tezkor amalga oshirilishining barcha bosqichlarini, qurulish maydonining tanlanishi, konseptual reja ishlab chiqilishi va birlamchi texnik-iqtisodiy asosnoma tuzilishini muvofiqlashtirish uchun javobgar bo`ladi.
50 gektar hududda biznes-markazlar, uy-joy, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta`lim, tijorat, sanoat muassasalari va boshqa ob`ektlar joylashadi. Barcha ob`ektlar «aqlli» texnologiyalar, jumladan, energiya tejovchi tizimlar va binolar avtomatizasiyasidan foydalanilgan holda quriladi.
Koreyalik mutaxassislar Toshkentda shaharchilik tahlilini o`tkazib, Tashkent City va Nurafshon singari o`xshash loyihalarni o`rganib chiqdi. Hozirgi paytda yangi tumanni joylashtirishning to`rt varianti ko`rib chiqilmoqda.






