Kecha, 4 fevral kuni Saudiya Arabistonida umra ziyoratida bo`lib turgan ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari Makka shahriga etib borishdi. Ular mehmonxonaga joylashgandan so`ng Masjidi Haramdagi Baytullohni tavof qilib, Safo va Marva orasida sa`y hamda soch qisqartirish amallarini ham bajarib olishdi.
Eslatib o`tamiz, bu mavsum davomida ziyoratchilarimizga Saudiya Arabistonida 12 nafar ishchi guruhi, 12 nafar oshpaz va 21 nafar shifokorlar guruhi xizmat ko`rsatadi.
O`n kunlik umra safari davomida ziyoratchilarimiz Madina shahrida 3 kun bo`lib, “Masatul Bustan” mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Makka shahrida esa “Abrojul Kisva” mehmonxonasida ziyoratchilarimiz 7 kun davomida bo`ladilar.
Umra ziyoratiga tayyorgarlik doirasida barcha ziyoratchilar mavsumiy kasalliklarga qarshi emlanib, davlatimiz ramzi tushirilgan kamzul va sumkalar bilan ta`minlandi. Safar oldidan ularga umra safarining mohiyati, uni ado etishga doir masalalar guruh rahbarlari tomonidan tushuntirildi va ziyorat haqida to`liq ma`lumot beruvchi qo`llanma va disk berildi.
Ziyoratchilarimizga barcha amallarini mukammal ado etib, Yaratganning dargohida qabul qilinishini so`rab qolamiz.






